Ру Ўз O`z En

Romitan tumanida bahorgi dala ishlarida qatnashadigan qishloq xoʼjaligi texnikalari shayligi koʼzdan kechirildi

9 Fevral 2021 2150

Romitan tumanida bahorgi dala ishlarida qatnashadigan qishloq xoʼjaligi texnikalarini texnik soz holatga keltirish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

Jumladan, Buxoro viloyati hokimi boshchiligidagi ishchi guruh aʼzolari Romitan tumanidagi “Romitan Аgro Servis MTP” MChJga hamda “BCT Agrokompleks MTP” MChJ mashina traktor parkiga tashrif buyurishdi.

Ishchi guruh aʼzosi “Oʼzagroinspektsiya”ning Buxoro viloyat boshqarmasi boshligʼi А.Javodov viloyatda bahorgi dala ishlarida qatnashadigan barcha texnikalar markazlashgan holda taʼmirlayotganligi hamda kerakli ehtiyot qismlarning sifatiga eʼtibor qaratilib, qoʼlbola ehtiyot qismlardan foydalanmaslik, shuningdek, joylarda ishlarni oʼz vaqtida hamda sifatli tashkil qilinishi yuzasidan boshqarma va tuman inspektorlari tomonidan tizimli nazorat oʼrnatilib, zarur hollarda amaliy koʼmak berilayotganligi yuzasidan maʼlumot berdi va yigʼilganlar ekin mavsumida ishtirok etadigan texnikalar sozligi va holatini koʼzdan kechirdilar.

Uchrashuv davomida bahorgi agrotexnik tadbirlarni sifatli bajarilishi uchun qishloq xoʼjaligi texnikalarini hozirdanoq tayyor holatga keltirib qoʼyish, ularning texnik sozligini qayta koʼzdan kechirish muhim omil hisoblanishini, qishloq xoʼjaligida samaradorlikning yuqori boʼlishi uchun fermer xoʼjaliklari zamonaviy va soz holatdagi texnikalar bilan ishlashlari zarur ekanini taʼkidlandi.

“Oʼzagroinspektsiya”ning Buxoro viloyat boshqarmasi boshligʼi А.Javodov tumanda texnikalarni mavsumga shay holga keltirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni birma-bir soʼzlab, tuproqqa ishlov beruvchi kulьtivatorlarning yetarlicha mavjudligi, ularning taʼmirlash jarayonlarida ishchi organlarning toʼliq oʼrnatilishi va yerga ishlov berish jarayonida har bir organning vazifalari hamda ularni sozlash yuzasidan belgilangan meʼyorlari haqida tavsiyalar berdi. Shuningdek, yerni namligini saqlash boʼyicha ishlatiladigan tishli boronalarning taʼmirlanishi hamda ularning sixlarining uzunligi va tuproqqa ishlov berish burchaglarining oʼrnatilishini tushuntirdi.

Tadbir davomida ishtirokchilar, mutaxassislar tomonidan shay holga keltirilgan chopiq traktorlari, kulьtivatorlar, chigit ekish seyalkalari va boshqa qishloq xoʼjaligi texnikalarining qay darajada sifatli taʼmirdan chiqarilganligi koʼzdan kechirilib, eski ehtiyot qismlarining yangisiga almashtirilganligi, nosoz holatga kelgan detallardagi kamchiliklar bartaraf etilgani, texnikalarning yuz qismida boʼyoqlash ishlarining amalga oshirilgani kabilarga eʼtibor qaratildi.

Maʼlumot uchun, bugungi kunda tumanda 284 ta chopiq traktori, 284 ta kulьtivator, 32 ta chigich ekish seyalkasi, 23 ta mineral oʼgʼit sepkichlar, 17 ta purkagich, 54 ta chizelь, 8 ta yer tekislagichlar, 1404 ta tishli borona, 66 ta haydov traktori, 23 ta don oʼrish kombaynlari mavjud.

 

 

“Oʼzagroinspektsiya”ning Buxoro viloyat boshqarmasi Аxborot xizmati

Text to speech