Ру Ўз O`z En

Samarqandga o‘tgan 2021 yilda 7 ming 830 bosh zotdor qo‘ylar keltirilgan

18 Fevral 2022 2460

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 yanvardagi “Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4576-sonli qarori asosida, klaster korxonalari va naslchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklariga chetdan keltiriladigan naslli qoramol, qo‘y va echkilar uchun imtiyoz berilishi ularning naslini yaxshilanishiga xizmat qilmoqda.

Mazkur qaror ijrosini o‘z vaqtida va sifatli taʼminlash maqsadida, “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan tizimli ravishda nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Samarqand viloyatida 199 ta qo‘ychilik yo‘nalishidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar mavjud bo‘lib, ular tomonidan 300 mingga yaqin qo‘ylar parvarish qilinmoqda. O‘tgan 2021 yilda Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlaridan 7 ming 830 bosh zotdor qo‘ylar olib kelindi.

Jumladan viloyatning Qo‘shrabot tumanida bugungi kunda qo‘ychilikka ixtisoslashgan 1 ta klaster va 67 ta fermer xo‘jaliklari mavjud bo‘lib, ularda 19 ming 421 bosh qo‘ylar parvarish qilinmoqda.

Mazkur xo‘jaliklarning 3 tasi naslchilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklar bo‘lib, ular tomonidan 3 ming 435 bosh naslli qo‘ylar parvarish qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 29 yanvardagi “Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4576-sonli qaroriga asosan, chet davlatlardan olib kelingan naslli qo‘y va echkilarning har bir boshiga 400 ming so‘m miqdorida subsidiya ajratilishi belgilandi.

Mazkur imtiyozdan foydalangan Qo‘shrabot tumani chorvadorlari tomonidan birgina o‘tgan 2021 yilda Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatidan 3 ming 882 bosh naslli hisori qo‘ylar olib kelindi.

Nasldor qo‘ylar tuman iqlim sharoitiga tez moslashdi. Ularning har biridan sifatli va naslli qo‘zi olish maqsadida otarlarga jaydari qo‘ylar aralashtirilmay boqilmoqda. Hisori qo‘ylar shuningdek, sergo‘shtligi bilan alohida ajralib turadi. Boqilgan qo‘chqorlar 80-90 kilogrammgacha tosh bosmoqda. Inspeksiyaning tuman bo‘limi tomonidan keltirilgan har bir bosh naslli qo‘ylarning hisob-kitobi qatʼiy ravishda yuritilmoqda. Ayni kunlarda chorvadorlar uchun muhim palla, to‘l mavsumi boshlandi. Hisori qo‘ylarning aksariyati egiz qo‘zilayapti. Bu - chorvador uchun qo‘shimcha daromad, qo‘ylarning tuyoq soni ko‘paymoqda, deganidir,-deydi “O‘zagroinspeksiyaning Qo‘shrabot tuman bo‘limi boshlig‘i G‘iyosiddin Xoliqov.

Mamlakatimizda naslli qora mol va qo‘y echkilar uchun subsidiya mablag‘larining berilishi, aholi arzon va sifatli go‘sht va go‘sht mahsulotlari bilan taʼminlash imkonini berishi bilan muhim ahamiyatga ega.

O‘zagroinspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi Axborot xizmati

Text to speech