Samarqandlik ko‘pni ko‘rgan, tajribali dehqonlar 2022 yilda g‘alladan gektariga 60-70 sentnerdan oshirib hosil yetishtirish uchun astoydil bel bog‘laganlar. Shu maqsadda dastavval yerni “To‘ydirish”ga alohida eʼtibor qaratilyapti. Bunda, g‘alla ekinlarini mineral va mahalliy o‘g‘itlar bilan oziqlantirish muhim ahamiyatga ega.
Samarqandda 2022 yil hosili uchun 94 ming 230 gektar yer maydoniga ekilgan boshoqli don ekinlari uchun mahalliy o‘g‘it jamg‘arish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. G‘alla parvarishida belgilangan agrotexnik tadbirlar rejasiga ko‘ra, har gektar yerga 3 tonnadan jami, 282 ming 690 tonna mahalliy o‘g‘it jamg‘arish, har 5 gektarga 1 tadan jami 18 ming 846 ta hosil xandaqlari qazish rejalashtirilgan.
Mazkur agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan doimiy ravishda monitoring tadbirlari o‘tkazilmoqda.Taʼbir joiz bo‘lsa taʼkidlash lozimki, kelgusi yilda g‘alladan mo‘l hosil yetishtirilib, dehqonlarimizning yuzi yorug‘ bo‘lishi mazkur agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishiga bog‘liq.
Ammo, o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida g‘alla parvarishida belgilangan agrotexnik tadbirlarga jiddiy eʼtibor qaratmasdan ko‘plab kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotgan fermer xo‘jaliklari hamon uchramoqda.
Xususan, Agroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari sohaviy inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan monitoringda Bulung‘ur tumanidagi “Otabek Ibrohim dalasi”, “Tongotarov Bulung‘ur bog‘lari”, Jomboy tumanidagi “Ozodjon fayz hosil” va “Xumoyun fayz dalasi”, Ishtixon tumanidagi “Ishtixon oltin yerlari”, “Borot Turdiyev”, “Ilxom dalalari” fermer xo‘jaligi tomonidan 2022 yil hosili uchun ekilgan g‘alla maydonini sharbat usulida sug‘orish uchun mahalliy o‘g‘it jamg‘arilmagani, hosil xandak qazish ishlariga kirishilmaganligi, dala atrofi xas-xashakdan tozalanmaganligi maʼlum bo‘ldi.
Yuqoridagi singari salbiy holatlar birgina Kattaqo‘rg‘on tumanida 40 dan ziyod, jumladan “Barhayot Barno Durdonasi”, “Mashhurbek”, “Sarvar Nozim Sarvinoz”, “Kamchatka qo‘rg‘oni”, “Xadicha Arabboy” fermer xo‘jaliklari, Nurobod tumanidagi “Sardorjon Ulus g‘allazori”, “Gulyamov plus” MCHJ, Oqdaryo tumani “Miyonqalʼa yulduzchasi”, “Niyoz sahovati”, “Oqdaryo Odiljon dalasi”, “Oqdaryo Odiljon dalasi” fermer xo‘jaliklarida ham aniqlandi.
Bundan tashqari, g‘allani qarovsiz ahvolga tashlab qo‘yib, belgilangan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarmasdan kelayotgan, Pastdarg‘om, Samarqand, Toyloq, Urgut tumanlarining har birida ham 25-30 nafar fermer xo‘jaliklarida g‘allani ahvolini tubdan yaxshilash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Shu maqsadda, Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan g‘alla parvarishida belgilangan agrotexnik tadbirlarni muddatidan kechiktirib, sifatsiz o‘tkazgan g‘allachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari rahbarlariga Inspeksiyaning vakolati doirasida tegishli ogohlantirishlar, bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berildi va doimiy nazoratga olindi.
“O‘zagroinspeksiya” Samarqand viloyat boshqarmasi Axborot xizmati