Ру Ўз O`z En

Samarqand: g‘allla parvarishida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishi ortidan 26 ta maʼmuriy choralar ko‘rildi

30 Dekabr 2021 1407

Viloyatda 2022 yil hosili uchun 94 ming 230 gektar maydonda g‘alla parvarish qilinmoqda. Bugungi kunda g‘allani parvarishlash uchun gektariga 3 tonnadan mahalliy o‘g‘it jamg‘arish, har 5 gektarga 1 tadan hosil xandaqlari qazish, mineral va mahalliy o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, g‘allani payhondan saqlash va boshqa agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish belgilab olingan.

 

Joriy yilning 28 dekabr holatiga g‘alla maydonlariga 200 ming tonnaga yaqin mahalliy o‘g‘it jamg‘arilib, 12 ming taga yaqin hosil xandaqlari qazildi. Pastdarg‘om tumanida 32 ming, Payariq tumanida 15 ming, Kattaqo‘rg‘on tumanida 18 ming, Jomboy tumanida 17 ming, Oqdaryo tumanida 16 ming hamda  Ishtixonda 15 ming tonna mahalliy o‘g‘it g‘alla maydonlariga chiqarildi.

G‘alla parvarishida bugungi kunda o‘tkazilayotgan barcha agrotexnik tadbirlar “O‘zagroinspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan doimiy nazoratga olingan.

O‘tkazilgan 1 ming 52 ta nazorat tadbirlari davomida, 532 ta huquqbuzarlik holatlari aniqlandi. Mazkur holatlarni o‘z vaqtida bartaraf etish bo‘yicha 445 ta fermer xo‘jaligi rahbarlari ogohlantirildi, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan 5 ta taqdimnomalar kiritilib, 56 ta qishloq xo‘jaligi korxonalari rahbarlariga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi hamda g‘alla parvarishida qo‘pol xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan fermer xo‘jaliklariga nisbatan 26 ta maʼmuriy choralar qo‘llanildi.

Viloyatda mazkur agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilib, boshoqli don ekinlaridan har gektar hisobiga 60-70 sentnerdan hosil yig‘ishtirib olish rejalashtirilmoqda. Bu dasturxonimiz nonga, omborlarimiz donga to‘ladi, deganidir.

Adiljon Arziqulov, “O‘zagroinspeksiya” Samarqand viloyat boshqarmasi katta inspektori

Text to speech