Ру Ўз O`z En

Samarqand: Kuzgi shudgorlash ishlari yuzasidan monitoring o‘tkazildi

9 Noyabr 2021 1581

Yilning to‘rt faslida ham bobodehqon uchun ish topiladi. Joriy yilda yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yig‘ishtirib olgan dehqonlarimiz kelgusi yil hosili tashvishi bilan yashashmoqda.

Ayni kunlarda Samarqand viloyatida kuzgi shudgorlash ishlari uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda. “O‘zagroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan mazkur agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi yuzasidan nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Samarqand viloyatida 2022 yil hosili uchun 117 ming gektar, shundan Pastdarg‘om tumanida 19 ming, Payariq tumanida 15,4 ming, Kattaqo‘rg‘on tumanida 15 ming, Narpayda 13,5 ming, Oqdaryo tumanida 9,4 ming gektar yer maydonida kuzgi shudgorlash ishlarini amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, mavsumga 542 dona haydov traktorlari jalb qilingan.

Mavsumga mavjud haydov traktorlarini to‘liq safarbar etgan holda, bir kunda 2,4 ming gektar, mavsum boshidan buyon 19 ming gektar maydonlar sifatli shudgorlandi.

Kuzgi shudgorlash ishlarini o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi yuzasidan Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan 1 ming 330 ta fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalarining 38,3 ming gektar yer maydonlarida monitoring tadbirlari o‘tkazildi.

O‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 82 ta fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalarining 574 gektar shudgorlangan maydoni sertifikat asosida qabul qilinmaganligi, 1 ming 193 ta qishloq xo‘jaligi korxonalarining 14,2 ming gektar yer maydonida takroriy ekinlar yig‘ishtirib olingan bo‘lsada, shudgorlash ishlari bugungi kunda ham kechiktirilayotganligi aniqlandi.

Aniqlangan holatlar yuzasidan, klaster korxonalari va fermer xo‘jaliklari rahbarlariga nisbatan 311 ta ogohlantirishlar berildi,-deydi “O‘zagroinspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi katta inspektori Adiljon Arziqulov.

Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlarining asosiy vazifasi, kuzgi shudgorlash ishlarini belgilangan muddatlarda, sifatli tugatilishi yuzasidan kunlik monitoring tadbirlari o‘tkazish, yo‘l qo‘yilgan huquqbuzarliklarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishdan iborat.

O‘zagroinspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi Axborot xizmati

Text to speech