Hukumatning 2019 yil 17 apreldagi “Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalaridan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 325-sonli qarorining ijrosi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi zimmasiga yuklatilgan.
Mazkur qaror ijrosini o‘z vaqtida va sifatli taʼminlash maqsadida Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazish anʼana tusini olgan.
Unda, qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l - qurilish texnikalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalariga qatʼiy rioya etish, aholi salomatligini muhofazalash bilan bog‘liq masalalarda tushuncha va ogohlantirishlar berilmoqda.
Shuningdek, inspeksiyaning sohaviy inspektorlari tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikalarining kuzgi boshoqli don ekinlari ekish mavsumiga texnik shayligi, zaruriy uskunalar bilan taʼminlanganlik darajasi, mexanizator-haydovchilarning malakasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Yuqoridagi qaror talablariga ko‘ra, malakali mutaxassislar tayyorlash borasidagi tashkiliy-texnika tadbirlar ham nazarda tutilgan. Shu bois, inspeksiya tomonidan mexanizatorlar tayyorlash o‘quv muassasalaridagi sharoitlar, bunday taʼlim maskanlarining dasturiy qo‘llanmalar va ko‘rgazmali o‘quv qurollari bilan taʼminlanishi yuzasidan monitoring o‘rnatilgan.
-Hukumat qarori ijrosini taʼminlash maqsadida, qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l qurilishi texnikalari holati va ularning ekspluatatsiya qilinishi samaradorligi ustidan nazoratni tashkil etish bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi hamda “O‘zagroinspeksiya” bilan hamkorlikda 2021 yilning II-yarim yilligiga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlar rejasiga asosan, Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan, ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bilan hamkorlikda har haftaning payshanba kunlari qo‘shma reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Ushbu tadbirlar davomida 122 ta qonunbuzilishi holatlari aniqlanib, huquqbuzarlarga nisbatan tegishli tartibda qonuniy taʼsir choralari qo‘rish uchun maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi, - deydi inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi inspektori Sanjar Qurbonov.
Maʼlumot o‘rnida: 2021 yilning yanvar-avgust oylari davomida inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan 1 ming 785 marta nazorat tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, 802 ta qonunbuzilishi holatlari aniqlandi. Aniqlangan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 753 TA holatda maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 112-135- moddalariga asosan, nosoz texnikalardan foydalanish, texnikadan texnik jihatdan foydalanish va texnika xavfsizligi qoidalarini qo‘pol ravishda buzish, yillik majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan texnikalardan foydalanish, hujjatsiz texnikalarni boshqarish hamda belgilangan tartibda texnikalarni davlat ro‘yxatiga qo‘ymasdan foydalanish maʼmuriy jarimaga tortishga sabab bo‘ladi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi Axborot xizmati