Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand viloyati boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan, Hukumatning 2019 yil 17 apreldagi “Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalaridan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 325-sonli qarori ijrosini o‘z vaqtida va sifatli taʼminlash yuzasidan nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.
2021 yilning yanvar-iyun oylari davomida, Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan jami 1 ming 434 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, 522 ta qonunbuzilishi holatlari aniqlandi.
Yuqoridagi qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan 31 ta yozma ko‘rsatma, tegishli tarmoqlar rahbarlariga 5 ta taqdimnoma kiritildi. Sohaviy inspektorlar tomonidan 473 ta maʼmuriy ishlar bo‘yicha 104 mln 528 ming so‘mlik qarorlar qabul qilinib, 87 mln 643 ming so‘mlik mablag‘ undirildi.
Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlarining texnika holati va agrotexnik tadbirlarni nazorat qilish bo‘limi inspektorlari tomonidan qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalaridan foydalanish qoidalariga amal qilish yuzasidan tizimli nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Eʼtiborli jihati, o‘tkazilayotgan monitoring tadbirlari davomida ayrim fuqarolar tomonidan texnikalardan foydalanishda turli qonunbuzilishi holatlari aniqlanmoqda.
Xususan, Oqdaryo tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida, tumanning “Yangiqo‘rg‘on” MMTP hududida ikki nafarlar o‘zlariga tegishli bo‘lgan MTZ-80 rusumli traktorlarni texnik hujjatlarsiz boshqarayotganligi, Hoji qishlog‘ida yashovchi fuqaro Sh. A. o‘ziga tegishli bo‘lgan MTZ-80 rusumli traktorni yillik majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazmasdan va texnika xavfsizlik qoidalarini qo‘pol ravishda buzganligi aniqlandi. Huquqbuzarlarga nisbatan, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning tegishli moddasi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, huquqiy taʼsir chorasi qo‘llanildi.
Oqdaryo tumani hududidan o‘tuvchi M-39-xalqaro avtomagistralda harakatlanayotgan Ishtixon tumanida joylashgan "Orziqul" fermer xo‘jaligiga tegishli “Klaas Dominator-130” rusumli g‘alla o‘rish kombayni monitoring tarzida o‘rganilganda texnikaga tegishli hujjatlar eski tipda ekanligi aniqlandi va yangi tipdagi plastik ID kartaga almashtirish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Inspeksiyaning Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan nazorat monitoring tadbiri davomida tumanning M.Sultonov MMTP hududida harakatlanib kelayotgan texnika ko‘zdan kechirilganda haydovchi texnikani texnik nosoz holda boshqarib kelayotgani aniqlandi. Ushbu holat yuzasidan mexanizatorga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Maʼlumot o‘rnida: Samarqand viloyatida bugungi kunda 27 ming 150 ta qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalari ro‘yxatga olingan.
Sanjar Qurbonov, Agroinspeksiyaning Samarqand viloyati boshqarmasi inspektori