O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand viloyati boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan Inspeksiya faoliyatini tartibga soluvchi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan vakolatlar doirasida o‘z faoliyatlarini amalga oshirib kelmoqdalar.
Jumladan, viloyatda 2022 yil hosili uchun 75 ming 356 gektar maydonga tuproq-iqlim sharoitiga mos, ertapishar g‘o‘za navlarini ekish maqsadida bahorgi agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mazkur agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli va qisqa muddatlarda yakunlash bo‘yicha inspeksiyaning sohaviy inspektorlari tomonidan muntazam nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Joriy yil qishloq xo‘jaligi mavsumida samarqandlik dehqonlar g‘o‘zaning Buxoro-102, S-8286, Omad, Sulton, Porloq-1 singari mahalliy iqlim sharoitiga mos, ertapishar navlarini ekishni rejalashtirishgan. Shu maqsadda 159 ta yer tayyorlash va ekish otryadlari tashkil etildi. Mavsum davomida 433 ta haydov traktorlari, 1612 ta chopiq traktorlari, 10 ming 850 dona tishli borona, 319 ta chizel, 150 dona yer tekislagich, 962 ta chigit ekish seyalkalari, shundan 199 dona yuqori unumdor seyalkalardan samarali foydalanilmoqda.
Bundan tashqari, joriy yil chigit ekish mavsumida mineral o‘g‘it tashish uchun 879 dona va yoqilg‘i moylash materiallarni yetkazib beradigan 116 dona ko‘chma agregatlar faol ishtirok etmoqda.
Paxtadan mo‘l hosil yetishtirish maqsadida sifatli urug‘lik chigit tayyorlanishiga alohida eʼtibor qaratilib, bugungi kunga qadar 5 ming 671 tonna urug‘lik chigit tayyorlandi.
Xususan, ”Kattaqo‘rg‘on klaster” MCHJ tomonidan 274 tonna,”Maroqand sifat telkstil” MCHJ tomonidan 1882 tonna, “AMINA GOLD INVEST” MCHJ tomonidan 362 tonna, “Samarqand kamalak invest” 1192 tonna, “Afrosiyob JENS” MCHJ tomonidan 429 tonna, “Paxtachi klaster” MCHJ va “Payariq klaster” MCHJ lar tomonidan 739 tonna urug‘lik chigit tayyorlanib, fermer xo‘jaliklariga yetkazib berildi.
Ekish mavsumini qisqa muddatda va sifatli o‘tkazish maqsadida urug‘lik chigitlar kasallik va zararkunandalarga qarshi kimyoviy vositalar bilan dorilangan holda tayyorlandi. Shuningdek, paxta to‘qimachilik klasterlari va kooperatsiyalar tomonidan 65 ta chigit tarqatish shaxobchalari mavsumga shay holatga keltirildi. 2022 yil hosili uchun chigit ekish mavsumiga puxta zamin hozirlash borasida 915 ta chigit ivitish xandaqlari, 966 ta tagliklar, 304 ta maxsus idishlar, 124 ta tarozi va boshqa zaruriy jihozlar bilan taʼminlash choralari ko‘rilgan.
Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan bahorgi agrotexnik tadbirlarga tayyorgarlik ishlari, mavsum davomida ishtirok etadigan barcha turdagi qishloq xo‘jaligi texnika vositalarining texnik holati ko‘zdan kechirilib, tegishli sertifikatlar berilgan.
Maʼlumot o‘rnida shuni taʼkidlash joizki, viloyatda 2022 yil paxta hosili uchun joriy yilning 4 aprel holatiga ko‘ra 41 ming 778 gektar yer maydoni chigit ekishga tayyorlangan bo‘lib, bir kunda o‘rtacha 9 ming gektardan ortiq yer sifatli tarzda chigit ekishga hozirlab borilyapti.
Shuningdek, bugungi kunga qadar 22 ming gektardan ortiq yer maydoniga chigit ekilgan bo‘lib, bir kunda o‘rtacha 8 ming gektardan ziyod yer maydoniga baraka urug‘i ekilib, dehqonlarimiz tomonidan mo‘l hosil yetishtirish uchun puxta zamin ko‘rilgan.
Davron Achilov, “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i