O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan Brifing o‘tkazildi.
Unda boshqarma boshlig‘i D.Achilov Boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan maydonlarda ikkilamchi ekinlarni joylashtirish yuzasidan belgilangan agrotexnik tadbirlar mavzuda maʼlumot berdi.
-O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Samarqand viloyati boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan, Inspeksiya faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy-normativ hujjatlarga asosan, agrosanoat tizimida qonunchilik ijrosi yuzasidan jiddiy nazorat o‘rnatilgan.
Xususan, ichki bozor va aholi ehtiyojini to‘laqonli qondirish maqsadida, qishloq xo‘jaligi va oziq - ovqat mahsulotlari yetishtirilishi yuzasidan agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi yuzasidan nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda,-dedi boshqarma boshlig‘i.
Shu maqsadda, suvli maydonlarning katta qismida qish-qirovli kunlar kelguniga qadar yana bir marotaba mos ekin turlarini ekib, hosil olish imkoniyati mavjud. Bu ayniqsa, dehqon va fermer xo‘jaliklarining daromadi va moliyaviy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, tuproq unumdorligini oshirish, aholining foydali mehnat bilan bandligini taʼminlash va eng asosiysi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining mo‘l-ko‘lligiga erishish, aholining sifatli, tabiiy oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qoplash hamda eksportbop mahsulot turlarini ko‘paytirishda muhim ahamiyatga ega.
Shundan kelib chiqqan holda, viloyatda takroriy ekinlar ekish bilan bog‘liq ishlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishga ustuvor vazifa sifatida eʼtibor qaratilmoqda.
Taʼkidlandiki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan viloyatimizda g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin ekishning prognoz ko‘rsatkichlari belgilab berilgan.
Unga ko‘ra, joriy yilda viloyatda g‘alladan bo‘shaydigan 80 ming 745 gektar va ertaki ekinlardan bo‘shaydigan 1 ming 315 gektar, jami 82 ming 60 gektar maydonlarga takroriy ekinlar ekilishi rejalashtirilgan.
Boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan maydonlarda ikkilamchi ekinlarni joylashtirish evaziga 82 ming 60 gektar maydondan gektariga o‘rtacha 199 sentnerdan jami 76 ming 853 tonna sabzavot, gektariga o‘rtacha 216 sentnerdan jami 217 ming 190 tonna kartoshka, gektariga o‘rtacha 13 sentnerdan jami 43 ming 712 tonna dukkakli don mahsulotlari, gektariga o‘rtacha 364 sentnerdan jami 1 mln 301 ming 732 tonna chorva mollari uchun ozuqa mahsulotlari yetishtirilishi rejalashtirilgan.
Tabiiyki, g‘alladan va ertaki ekinlardan bo‘shaydigan maydonlarda takroriy ekin sifatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun urug‘lik, mineral o‘g‘itlar va yoqilg‘i-moylash materiallari lozim bo‘ladi.
Viloyat tumanlarida g‘alladan va ertaki ekinlardan bo‘shaydigan 82 ming 59 gektar yer maydonda takroriy ekinlar ekish uchun yer tayyorlash ishlarini belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirish maqsadida 542 dona (shundan, 244 dona yuqori unumli va 298 dona oddiy) haydov traktorlari, 142 ta dala boshida texnikalarni yoqilg‘i bilan taʼminlash agregatlari, 194 dona yer tekislagichlar, 415 dona chizel hamda 11015 dona tishli boronalar qatnashishi belgilandi.
Kezi kelganda taʼkidlash lozimki, “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan agrosanoat tizimida qonunchilik ijrosi yuzasidan tizimli monitoring-nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Shu maqsadda, 2022 yilning yanvar-fevral oylari davomida 1322 marta nazorat tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, 767 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan 390 ta jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan maʼmuriy jarima qo‘llanilgan bo‘lib, 38 ta holatda davlat idoralari va fermer xo‘jaliklariga taqdimnomalar kiritildi, 333 ta holat yuzasidan yozma ko‘rsatmalar berildi hamda 6 ta qonunbuzilish holatlari yuzasidan to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun sudlarga yuborildi.
Shuningdek, g‘alladan va ertaki ekinlardan bo‘shagan maydonlarga iqlim sharoitiga mos, ertapishar hamda eksportbop qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini joylashtirish yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatilgan.
Klaster korxonalari, fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan takroriy qishloq xo‘jaligi ekinlarining to‘liq maydonlarda ekilishi, yonilg‘i-moylash mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalarning agrotexnik kartalardan kelib chiqib, to‘liq hajmda va o‘z vaqtida yetkazib berilishi hamda xizmatlar sifatli ko‘rsatilishi yuzasidan kunlik tahlil o‘tkazilmoqda.
Bulardan ko‘zlangan asosiy maqsad, aholi ehtiyoji va ichki bozor talabini to‘laqonli qondirish bilan birga eksportbop mahsulotlar yetishitirish evaziga viloyatimizning eksport salohiyatini yana-da oshirishdan iborat.
“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi Axborot xizmati