Ру Ўз O`z En

Sardobada o‘tgan 6 oy davomida chorvachilikda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan 42 ta yozma ko‘rsatma va ogoxlantirishlar berildi

3 Avgust 2022 1568

Bugungi kunda, aholi xonadonlarida va fermer xo‘jaliklaridagi chorva mollari naslini yaxshilashning eng arzon va qulay usuli - sigirlarni sunʼiy urug‘lantirishdir. Xususan, sunʼiy urug‘lantirilgan sigirlardan olingan birinchi avlod buzoqlarini o‘sishi va mahsuldorlik ko‘rsatgichlari tabiiy yo‘l bilan urug‘lantirishdan olingan buzoqlarga nisbatan 25 foizga oshishiga erishilishi amalda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Shu maqsaddagi ishlar Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida 4 ta veterinariya uchastkasi va 4 taChorvanasl” markazining mutaxassis-osemenatorlar tomonidan aholi va fermer xo‘jaliklardagi qochirish yoshidagi sigir va tanalarni sunʼiy urug‘lantirish bo‘yicha servis xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.

Hozirgi kunda tumanda 71 ta chorvachilik fermer xo‘jaliklari faoliyat yuritib, ularda 4 ming 729 bosh qoramol, shundan 1 ming 566 bosh sigir, 7 ming 317 bosh mayda shoxli mollar parvarish qilinmoqda.

O‘zagroinspeksiyaning Sardoba tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasiga ko‘ra, Avstriya davlatidan naslli qoramol olib kelgan 4 ta fermer xo‘jaliklari - “Vohidbek Ravshan chorvasi” fermer xo‘jaligida 35 bosh qora-ola golshtin zotli, “Zoyirbek chorva kelajagi” fermer xo‘jaligida 87 bosh simmental zotli, “Yangiobodda yuksalish chorvasi” fermer xo‘jaligida 33 bosh simmental zotli va “Asliddin va Javohir hamkorligi” fermer xo‘jaligida 83 bosh simmental zotiga mansub qaramollar parvarish qilib kelinayotgani aniqlandi", - deydi “O‘zagroinspeksiyaning Sardoba tuman bo‘limi “Chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish shoʻbasi” katta inspektori Qahramon Tursunboyev.

Mazkur fermer xo‘jaliklarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida naslli qoramollardan unumli foydalanish, bir xil oziqlantirish tipini tashkil qilish uchun ozuqa sexi faoliyatini tiklash, sunʼiy urug‘lantirish punktini jihozlash hamda sof zotli urchitishni tashkil qilish uchun tegishli zotga mansub naslli buqalarning muzlatilgan urug‘ini xarid qilish yuzasidan yozma ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 03.03.2021 yildagi “Chorvachilik tarmoqlarini davlat tomonidan yana-da qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5017-sonli qarori bilan berilgan imtiyozlar tushuntirilib, “naslchilik xo‘jaligi” maqomini olishlari uchun belgilangan tartib va talablar bo‘yicha tavsiyalar berildi.

O‘zagroinspeksiyaning tuman bo‘limi tomonidan chorvachilikda naslchilik yo‘nalishida joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan 38 ta yozma ko‘rsatma va 4 ta ogohlantirish berildi. Hozirgi kunda inspeksiya organlariga yuklatilgan vazifa va topshiriqlardan kelib chiqib doimiy nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

O‘zagroinspeksiyaning Sirdaryo viloyat boshqarmasi axborot xizmati

Text to speech