Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda sho‘r yuvish ishlarini amalga oshirish muhim sanaladi. Bunda mazkur agrotexnik tadbirning sifatli o‘tkazilishi alohida ahamiyatga ega va tabiiyki alohida ilmiy yondashuvlarni talab qiladi.
-Sho‘r yuvish ishlari zovurlarni qazishdan boshlash maqsadga muvofiqdir. Sababi zovurlar qazilmasdan turib sho‘r yuvishning samarasi kam bo‘ladi, deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Jizzax viloyat boshqarmasi katta inspektori S. Mirzakarimov.- Sho‘r yuvish uchun dastlab yer maydoni yaxshilab chizellanadi. So‘ngra yer tekislanib, marzalar olinadi va suv to‘plash uchun pollar hamda o‘q ariqlar hosil qilinadi. Pollar tuproqning suv singdiruvchanligi, yerning tekislanganligi va nishabiga qarab turlicha olinishi mumkin.
Hisob-kitoblarga qaraganda, Jizzax viloyatida jami 44 ming 600 gektar yer maydonda sho‘r yuvish rejalashtirilgan bo‘lib, mavsum davomida sal kam 26 ming 500 gektar yer maydoni sho‘rdan yuvilgan. Shuningdek, 6 ming gektar yerda pushta olish belgilab berilgan. Qishning qorli kunlariga qadar, viloyat bo‘yicha 1 ming 331 gektardan oshiqroq maydonda yer tekislanib, 1 ming 200 gektarga yaqin yerda pushta olish ishlari amalga oshirilgan.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, suv – olingan o‘q ariqlar orqali har bir polga alohida-alohida to‘ldirilsagina marzalar yuvilib ketmaydi. Mazkur agrotexnik tadbirlar yerning qay darajada sho‘rlanganligiga qarab 5-6 martagacha olib borilishi mumkin. Ushbu jarayonda tuproq tarkibidagi tuzlar yer ostiga singib, zovurlar orqali chiqarib yuboriladi.
Bu kabi tadbirlar, xususan yerdagi sho‘rning sifatsiz yuvilishi va ortiqcha suv isrofgarchiligiga yo‘l qo‘ymaslik, suvdan samarali va maqsadli foydalanish borasida joylarda tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Bu bo‘yicha xo‘jaliklar rahbarlariga 60 ta ogohlantirish xatlari va masʼul shaxslarga 7 ta yozma ko‘rsatma berilgan.
Umuman olganda, kuchli sho‘rlanuvchi yerlarning sho‘rini tez-tez yuvib turish darkor. Chunki, hosildorlik sho‘r yuvilmagandagiga nisbatan 4-5 marta yuqoriroq bo‘ladi.
“O‘zagroinspeksiya” Jizzax viloyat boshqarmasi Matbuot xizmati