Vazirlar Mahkamasining 2021 - yil 17 - oktabrdagi “2022 - yil hosili uchun kuzgi shudgorlash ishlarini uyushqoqlik bilan o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi yig‘ilish bayoni ijrosini taʼminlash maqsadida, inspeksiya tomonidan 2022 - yil hosili uchun kuzgi shudgorlash ishlarida qatnashishi rejalashtirilgan respublika bo‘yicha jami 5652 dona (4221 dona yoki 77 foiz yuqori unumli) haydov traktorlari va omochlarni joylarda to‘liq va sifatli taʼmirlanishi ustidan nazorat o‘rnatildi.
Kuzgi shudgorlar ishlarini o‘z muddatlarida va sifatli o‘tkazish maqsadida “O‘zagroinspeksiya”ning hududiy boshqarmalari tashabbusi bilan boshqa masʼul tashkilotlar bilan birgalikda joylarda o‘quv-amaliy seminarlar tashkil qilinib, mazkur tadbirlarda klaster korxonalari, fermer xo‘jaliklari va boshqa yer egalariga mavsumni samarali o‘tkazishga doir zaruriy tavsiyalar berildi.
Bugungi kunda barcha hududlarda kuzgi shudgorlash ishlari qizg‘in pallaga kirgan bo‘lib, takroriy ekinlardan bo‘shagan maydonlar peshma-pesh zamonaviy resurstejamkor omochlar bilan jihozlangan yuqori unumli haydov traktorlari bilan tuproq strukturasidan kelib chiqib, kamida 35-40 sm chuqurlikda haydov ishlari amalga oshirilmoqda.
Inspeksiyaning hududiy boshqarmalari tomonidan shudgorlash ishlarida qatnashadigan haydov traktorlarining ishlashi bo‘yicha muntazam monitoring yuritilib, ular tomonidan qo‘shimcha ravishda shudgorlash ishlarining sifati yuzasidan nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Shudgorlash ishlarida texniklarning sozligi muhim ahamiyatga ega, shu bois har bir dala maydonlarida inspeksiya tomonidan dalada mobil xizmat ko‘rsatish brigadalarining bo‘lishi, ularga xizmat ko‘rsatilishi va zaruriy ehtiyot qismlar bilan taʼminlanishi alohida nazoratga olingan.
"O‘zagroinspeksiya"ning Texnika holatini nazorat qilish boshqarmasi