Bugungi kunda mamlakatimizda ishning ko‘zini biladigan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman, ham o‘z oilamga daromad olib kelaman, ham jamiyatga, yonimdagi insonlarga nafim tegadi, degan kishilar uchun har tomnlama keng imkoniyatlar yaratib berilgan.
Ammo berilgan imkoniyatlardan foydalanib, faoliyatni to‘g‘ri va qonuniy tashkil etish orqali o‘z biznesini yanada rivojlantirish o‘rniga, mavjud tartib-tamoyillarga amal qilmaydigan hamda buning ortidan turli muammolarga duch kelib yuradiganlar ham yo‘q emas.
O‘zagroinspeksiyaning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan belgilangan tartiblar asosida o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari jarayonida ham tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq ana shunday holatlar aniqlanmoqda.
Jumladan, Inspeksiya xodimlari tomonidan Qashqadaryo viloyati, Koson tumani, Koson QFY, paxtazor ko‘chasida faoliyat olib borayotgan “Sh.D.N.” masʼuliyati cheklangan jamiyati o‘rganilganda, korxona davlat ro‘yxatidan o‘simlik va hayvonlar yog‘lari va moylarini ishlab chiqarish maqsadida o‘tgani, ammo ishlab chiqarish faoliyatida bir qator kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.
Xususan, tekshirish jarayonida korxona joylashgan manzilda 1 dona press, 1 dona jin uskunalari mavjudligi kuzatilib, ushbu uskunalarda paxta xom-ashyosini jinlab, jindan ajratilgan ikkilamchi mahsulot, yaʼni texnik chigitni presslash uskunasida qayta ishlab paxta moyi ishlab chiqarayotganligi maʼlum bo‘ldi.
Vaholanki, tegishli tartibga asosan, yog‘-moy korxonalarida paxta texnik chigiti to‘liq texnologik sikl (mag‘izni yanchish, gidrotermik ishlov berish, presslash, ekstraksiyalash, rafinatsiyalash, dezodoratsiyalash
va qadoqlash sexlari)da maqsadli qayta ishlanishi hamda texnik chigitdan qayta ishlangan tayyor mahsulotlar uchun tegishli gigiyenik xulosa
va muvofiqlik sertifikatlariga ega bo‘lishi zarurligi belgilangan.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, “Sh.D.N.” MCHJ masʼullari tomonidan korxonada to‘liq texnologik siklni taʼminlamasdan, ishlab chiqarilayotgan yog‘-moy mahsulotiga belgilangan tartibda muvofiqlik sertifikatlari olmasdan, normativ-huquqiy hujjatlar talabalariga zid ravishda faoliyat olib borayotganligi aniqlandi.
Shuningdek, o‘rganish kunida korxona omborida o‘rtacha hisobda 1,5 tonna paxta texnik chigiti, 200 litr qayta ishlashdan olingan qora moy mahsuloti va 400 kg paxta tolasi mavjudligi aniqlanib, holatga oydinlik kiritish maqsadida Koson tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi xodimlari tomonidan ashyoviy dalil sifatida saqlovga olindi.
Tekshirishda to‘plangan hujjatlarni taʼluqliligi va huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Asror NORQULOV,
O‘zagroinspeksiyaning Qashqadaryo viloyat
boshqarmasi Paxta xom ashyosi, don, urug‘lar va ularni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi
bosh inspektori