Ру Ўз O`z En

Sirdaryo: 20 million 960 ming metr kub suv tejalishiga erishildi

24 Sentyabr 2021 1669

Suv resurslaridan oqilona foydalanmaslik O‘zbekistonda sug‘oriladigan dehqonchilikning barqaror rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan bosh sabablardan biridir. Muammoni hal etish usullaridan biri tomchilatib sug‘orish tizimini qo‘llash maqsadga muvofiqligi fermerlarimiz tomonidan amalda isbotlanmoqda.

Sirdaryo viloyatida joriy yilining shu kuniga qadar 8 ming 384 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgani natijasida 20 million 960 ming metr kub suvni iqtisod qilishga erishildi. Ushbu maydon anʼanaviy usulda sug‘orilganda edi 41 million 920 ming metr kub suv sarflanar edi.

Prezidentimiz tomonidan 2020 yil 11 dekabrda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yana-da jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4919-son qarorida taʼkidlanganidek, tobora kuchayib borayotgan suv taqchilligi hamda suv resurslariga bo‘lgan ehtiyoj o‘sib borayotgani qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish samaradorligini keskin oshirishni talab etmoqda. Bu borada Sirdaryo viloyatida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 2021 yil viloyat bo‘yicha jami 18 087 gektar maydonda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyasini joriy etilish belgilangan. Shundan, 17 937 gektar tomchilatib sug‘orish, 50 gektar yomg‘irlatib sug‘orish va 100 gektar diskret sug‘orish texnologiyalariga to‘g‘ri keladi.

Suv tejovchi uskunalarni xarid qilish uchun tegishli tashkilotlar bilan 142 ta shartnomalar tuzilgan bo‘lib, shundan 125 ta fermer xo‘jaliklari va 17 ta klaster tashkilotlaridir. Buning uchun viloyat bo‘yicha fermer va tadbirkorlarga tijorat banklari tomonidan 254 milliard so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan. 302 ta fermer va tadbirkorlar tomonidan 10 703 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini o‘rnatish uchun qurilish-montaj ishlari olib borildi, - deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi Qishloq xo‘jaligiga mo‘jallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish bo‘limibosh inspektori Baxodir Mamirov.

Bugungi kunda 8 384 gektar yer maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyalari to‘liq ishga tushirilib, amalda ishlatilib kelinmoqda.

 “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan joylarda joriy qilingan suvni tejovchi texnologiyalardan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan tizimli nazorat olib borilmoqda.

 

 “O‘zagroinspeksiya” Sirdaryo viloyat boshqarmasi Axborot xizmati

Text to speech