Suv-hayot manbai demak! Uning o‘rnini hech narsa bosa olmaydi. Mavsumlarda olinadigan xirmonlar taqdiri dehqon dalalariga kerakli miqdorida suv yetib borishiga bog‘liq.
Sirdaryo viloyatida jami sug‘oriladigan maydonlar 270 ming gektarni tashkil etadi. 2022 yil hosili uchun viloyatda 80 000 gektarga g‘alla ekilgan bo‘lib, 75 500 gektarga paxta va 32000 gektarga sabzavot, poliz mahsulotlari hamda boshqa ozuqabop ekinlar ekilishi rejalashtirilgan.
Joriy yilda vegetatsiya mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida hududda 132 km kanallar (ekskavator yordamida), 178 dona suv taqsimlovchi inshootlar, 229 dona gidropostlar va 1835 km ichki ariqlarda (qo‘l kuchi va mexanizmda) tozalash ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, irrigatsiya va melioratsiya obyekti qurish va qishloq xo‘jalik ekin maydonlarini suv taʼminotini yaxshilash maqsadida 17 ta obyektda 773 km irrigatsiya obyektlari, 10 ta obyektda 129,8 km melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, 17 ta obyektda 1042 km melioratsiya obyektlarini taʼmirlash tiklash ishlari amalga oshirildi. Buning natijasida 23,8 ming gektar yer maydonining meliorativ holati va 24,5 ming gektar maydonlari kafolatli suv bilan taʼminlanadi.
-Irrigatsiya va melioratsiya tizimlari, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari, suv omborlari, nasos stansiyalari va boshqa suv xo‘jaligi inshootlarining samarali ishlatilishida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf qilish maqsadida, korxona va tashkilotlarga joriy yilning birinchi choragida jami 46 ta taʼsir choralari qo‘llanilgan, - deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi” bosh inspektori Baxodir Mamirov. - Jumladan, 37 ta yozma ko‘rsatma, 3 taqdimnoma va 6 ta maʼmuriy qarorlar qabul qilingan.
“O‘zagroinspeksiya”ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan sug‘oriladigan ekin maydonlariga o‘z vaqtida, kerakli miqdorda suv yetkazib berilishi yuzasidan doimiy monitoring ishlari olib borilmoqda.
“O‘zagroinspeksiya”ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi Axborot xizmati