Navoiy viloyatida ayni kunlarda kuzgi-qishki tadbirlarni sifatli bajarilishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, ichki ariq va kanallarni tozalash ishlari Qiziltepa tumanida ham uyushqoqlik bilan olib borilyapti.
Maʼlumot uchun, tuman bo‘yicha 2022-2023 yillar kuzgi-qishki mavsumida suv xo‘jaligi maxsus xizmati, fermer xo‘jaliklari va mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlaridagi jami 1 931 kilometr xo‘jalik ichki tarmoqlarini tozalash rejalashtirilgan. Shundan suv xo‘jaligi maxsus xizmati hisobidagi sug‘orish tarmog‘ining 130 kilometri mexanizm, 120 kilometri qo‘l kuchi yordamida tozalanishi ko‘zda tutilgan. 2023 yil yanvar oyining 1-haftasi holatiga ko‘ra, tumanda jami 1 479, 1 kilometr yoki rejaga nisbatan 76,6 foiz ichki sug‘orish tarmoqlari mexanizm va qo‘l kuchi yordamida tozalandi.
Ichki ariqlarning tozalanishi suv isrofgarchiligi oldini olish, sug‘orish mavsumining sifatli o‘tishida ham muhim ahamiyatga ega. Shuni inobatga olgan holda “O‘zagroinspeksiya” tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan hududdagi sug‘orish tarmoqlarini tozalash yuzasidan nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Xususan, o‘tgan yilning noyabr-dekabr oylarida kuzgi-qishgi tadbirlarni kechiktirmay o‘tkazish yuzasidan tegishli shaxslarga 82 ta yozma ko‘rsatma berildi.
Jumladan, Inspeksiya tuman bo‘limi nazorati ostida “Bo‘ston” hududidagi “Kosago‘ron orzusi” fermer xo‘jaligining 2 kilometr, “Azim Ali” fermer xo‘jaligining 1 kilometr, “Arabon” hududidagi “Sulton Mahmud bo‘stoni” fermer xo‘jaligining 1,5, “G‘ori devon” hududidagi “Ahmadobod 2020” fermer xo‘jaligining 2 kilometrga yaqin ichki arig‘i mexanizm va qo‘l kuchi yordamida tozalanishi taʼminlandi.
- Mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi sug‘orish tarmoqlarini tozalash bo‘yicha ham og‘zaki ko‘rsatmalar berib kelinmoqda, - deydi “O‘zagroinspeksiya” Qiziltepa tuman bo‘limi katta inspektori Oybek Rajabov. – Tuman bo‘yicha MFY lar hududidagi 632 kilometr ichki sug‘orish tarmoqlari tozalanishi rejalashtirilgan bo‘lsa, bugungi kungacha 480 kilometri, yaʼni 75,9 foiz ichki ariqlar qo‘l kuchi yordamida hashar qilindi. Aynan Inspeksiya tuman bo‘limi og‘zaki ko‘rsatmasi bilan “Xo‘jaqo‘rg‘on”, “Saroy”, “Xumo”, “Yangi Hayot”, “Ziyokor”, “Oq Machit”, “Tojikon”, “Sheyxon”, “Gulbog‘”, “Bo‘ston” va boshqa mahallalardagi ichki sug‘orish tarmoqlari tozalanishiga erishildi.
Bundan tashqari, tumanda Toshrabot-O‘rtacho‘l irrigatsiya tizimi boshqarmasi bo‘yicha 2022-2023 kuzgi-qishki davrida xo‘jaliklararo irrigatsiya tarmoqlaridagi gidrotexnik inshootlar hamda gidropostlarni taʼmirlash ishlariga ham eʼtibor qaratilgan. Jumladan, “Abomuslim”, “Yangiariq”, “Zarmetan”, “O‘rtacho‘l”, “Malikobod” kanallaridagi jami 28 dona gidropostlar to‘liq taʼmirlandi.
Tumanda kuzgi-qishki tadbirlar yuzasidan sug‘orish tarmoqlarini tozalash va boshqa taʼmirlash ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Z. Boboyeva, “O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot xizmati