Ру Ўз O`z En

Suv isteʼmoli bo‘yicha qonunchilik nazoratda

6 Dekabr 2022 1486

O‘zbekiston Respublikasining “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunda suv isteʼmolchilarining majburiyatlari belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilari belgilangan suv olish limitlari va suv isteʼmoli qoidalariga rioya etishi shart hisoblanadi.

Lekin joylarda suv isteʼmolchilarining barchasi ham qonun bilan yuklatilgan mazkur majburiyatga doim ham amal qilavermaydi.

Xususan, Agroinspeksiyaning Navoiy viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan joriy yilning 10 oyi davomida 1 164 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, nazorat tadbirlari davomida 1 189 ta qonunbuzilishi holatiga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

Jumladan, Navbahor tumanida 423 ta, Qiziltepada 324 ta, Karmanada 169 ta, Konimexda 148 ta, Xatirchida 125 ta qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

Qonunbuzilishlarning aksariyat qismi (61 foizi) suvdan foydalanish va suv isteʼmoli qoidalarini buzish natijasida sodir etilmoqda.

O‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida ekin maydonlarini ko‘llatib sug‘orish va suvni kollektor-drenaj tarmoqlariga oqizib qo‘yish holatlari ko‘p uchramoqda- deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi bosh inspektori M. Vohidov. – Qonun buzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish maqsadida tegishli tashkilotlarga taqdimnoma va yozma ko‘rsatmalar kiritildi.

Shuningdek, qonun buzilishini erta oldini olish maqsadida profilaktika tadbirlarini o‘tkazishga eʼtibor kuchaytirildi. Natijada 144 ta holatda suvni kollektor-drenaj tarmoqlariga oqizish va yana 224 holatda suv isteʼmoli bilan bog‘liq boshqa qonunbuzilishlarning oldi olindi. Darhaqiqat, yuqorida taʼkidlanganidek, hududlardagi ayrim suv isteʼmolchilari belgilangan tartibga doim ham amal qilmaydi.

2022 yilning o‘tgan davri mobaynida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga rioya etilishi ustidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida aniqlangan kamchilliklar yuzasidan Inspeksiyaning tuman bo‘limi tomonidan vakolat doirasida huquqbuzarlarga nisbatan 25 ta maʼmuriy jarima, 8 ta jarima sanksiya qo‘llanildi, - deydi “O‘zagroinspeksiyaning Qiziltepa tuman bo‘limi katta inspektori Oybek Rajabov.- 15 ta holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqishlik uchun sudlarga kiritilishi taʼminlandi.

Masalan, Qiziltepa tumani Vang‘ozi hududidagi “Xafqoriton madadkori” fermer xo‘jaligi ekin maydonlarini sug‘orishda 0,10-0,12 gektar qismini ko‘llatib sug‘orib, suv isrofgarchiligiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

Ushbu holat yuzasidan fermer xo‘jaligi rahbarlariga belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 74-moddasi 2-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib,  tuman sudiga yuborildi.

Shuningdek, Toshrabot-O‘rtacho‘l ITBning Maxsus xizmat bo‘limi xodimi A. A Davlat suv kadastri yuritishning belgilangan talablarini buzib, suvlarning belgilangan hisobi va hisobotini yuritishda qonunbuzilishi holatiga yo‘l qo‘yganligi aniqlandi.

Ushbu holat yuzasidan fermer xo‘jaligi rahbarlariga belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 75-moddasi bilan maʼmuriy bayonnoma tuzilib,  tuman sudiga yuborilishi taʼminlandi.

Inspeksiya viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan mazkur yo‘nalishdagi nazorat va profilaktik tadbirlar davom etmoqda.  

Z. Boboyeva, “O‘zagroinspeksiya” Navoiy  viloyat boshqarmasi  matbuot xizmati

 

Text to speech