Sir emaski, keyingi yillarda dunyo miqyosida bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham qishloq xo‘jaligi sohasida suv bilan bog‘liq murakkab vaziyatlar yuzaga kelmoqda. Shu qatorda agrosektor tizimida suvga bo‘lgan talab va ehtiyoj ham yildan yilga ortib bormoqda. Bu esa obi-hayotdan tejab-tergab oqilona foydalanishni taqozo etadi. Mazkur jarayonda suvning sarfi eng muhim omillardan biri bo‘lib, uning sarfi va oqim tezligini o‘lchashda foydalaniladigan o‘lchov vositalari doimo soz holatda ishlatilishi va albatta metrologik tekshiruvdan o‘tkazib turilishi lozim.
Bu borada Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Jizzax viloyat boshqarmasi meʼyoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish, sertifikatlash va metrologiya bo‘limi xodimlari tomonidan joylardagi suv xo‘jaligi tashkilotlarida o‘lchash vositalari belgilangan meʼyoriy hujjatlar asosida foydalanilishi bo‘yicha o‘rganishlar olib borildi.
Jumladan, Jizzax viloyat Bosh nasos stansiyalari hamda Janubiy Mirzacho‘l magistral kanalidan foydalanish boshqarmalari va Suv omborlaridan foydalanish boshqarmasiga qarashli Jizzax va Qorovultepa suv omborlari, Sirdaryo-Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza huzuridagi Tuyatortar irrigatsiya tizimi boshqarmasidagi suv oqimi tezligini o‘lchash vositalari (gidrometrik vertushka) ko‘zdan kechirilganda, har o‘n ikki oyda tekshiruvdan o‘tkazilishi belgilangan o‘lchash vositalari va sinash uskunalari o‘z muddatlarida metrologik tekshiruvdan o‘tkazilmagani maʼlum bo‘ldi. Masʼul shaxslarning eʼtiborsizligi va masʼuliyatsizligi sabab yuqoridagi tashkilotlarda “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan talablar buzilgan. Aniqlangan holatlar yuzasidan inspeksiya xodimlari tomonidan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilib, 5 nafar masʼul shaxslarga maʼmuriy jarimalar qo‘llanildi.
-Joriy yilning iyun oyiga qadar viloyatimizdagi mavjud qishloq va suv xo‘jaligiga oid tashkilotlarda jami 54 ta nazorat tadbirlari o‘tkazildi,- deydi Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi meʼyoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish, sertifikatlash va metrologiya bo‘limi katta inspektori Dilmurod Ziyatov.- Shundan 30 tasi tekshirish va 24 tasi monitoring tarzida olib borilgan. O‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida 38 ta qonunbuzilish holatlari aniqlanib, tegishliligi bo‘yicha 16 ta ogohlantirish va 18 ta yozma ko‘rsatmalar berilgan. Shuningdek, 14 ta holat bo‘yicha huquqbuzarlarga nisbatan 2 mln 895,5 ming so‘mlik jarimalar qo‘llanilib, bu bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga 6 ta taqdimnoma kiritilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, barcha sohalar qatori agrar tizimda ham o‘lchash vositalarining sozligi muhim hisoblanadi. Chunki, har qanday nosozlik o‘z ortidan ko‘pgina xatolik va salbiy holatlarni ergashtirib keladi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Jizzax viloyat boshqarmasi Axborot xizmati