Tobora kuchayib borayotgan suv taqchilligi hamda suv resurslariga bo‘lgan ehtiyojning kundan-kun o‘sib borayotgani qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish samaradorligini keskin oshirishni talab etmoqda.
Shu bois suvning har bir tomchisidan samarali foydalanish, suv isrofgarchiligiga yo‘l qo‘ymaslikni davr talab etmoqda. Bu borada, Kogon tumanida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, “O‘zagroinspeksiya”ning Buxoro viloyati Kogon tuman bo‘lim tomonidan suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, shartnoma shartlarini muddatlarida bajarilishi hamda sifatli materiallardan foydalangan holda uskunalarni o‘rnatish kabi ishlar nazoratga olingan.
2021 yil tumanda 1793 gektar maydonda tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilishi rejalashtirilgan. Suv tejovchi uskunalarni xarid qilish va o‘rnatish maqsadida yordamchi tashkilotlar bilan 30 ta shartnomalar tuzilgan. Bugungi kunda 1047 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish uchun qurilish ishlari boshlangan.
Shu bilan bir qatorda, joriy yilda paxta xom ashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalardan keng foydalanish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilab olindi. Unga muvofiq, 1653 gektar paxta maydonlarida suv tejovchi texnologiyalari o‘rnatiladi.
Hozirda, tumanning “Sharif Karim madaniyati” fermer xo‘jaligining 35 gektarida, “Shodi Toirovich Salomov” fermer xo‘jaligining 24 gektarida, “Kogon Axtam Asilbek” fermer xo‘jaligida 20 gektar paxta maydonlarida tomchilatib sug‘orish uskunalari to‘liq o‘rnatilib, sug‘orish ishlari boshlab yuborildi.
-Paxtani sug‘orishda ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelar edik, suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatganimizdan keyin suv isrofgarchiligi oldini olib, har bir qatorga suvning to‘liq yetib borishi va ortiqcha sarf-xarajatlarning kamaygani bilan bizga ancha qulayliklar yaratmoqda - deydi fermer xo‘jaligi rahbari A.Zoyitov. - Hosildorlikni esa 50-60 sentnerga ko‘tarishni mo‘ljallayapmiz. Kelasi yilda suv tejovchi texnologiyalarni qolgan maydonlarimizda ham o‘rnatmoqchimiz.
Suv tejovchi texnologiyalar uskunalarini xarid qilish uchun fermer va tadbirkorlarga yaratilgan imtiyozlar alohida ahamiyatga ega.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 fevraldagi “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismini qoplash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 95-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan tomchilatib sug‘orish tizimlari joriy etilgan maydonlarga subsidiyalar ajratilishi belgilangan, unga ko‘ra, paxta va uzum plantatsiyalariga – 8 million so‘mdan 11 million so‘mgacha, mevali ekinlarga – 6 million, ozuqabop, moyli, dukkakli ekinlar va dorivor o‘simliklarga – 2,5 million, sabzavot ekinlari va kartoshkaga - 1,5 million, poliz ekinlariga – 1,3 million so‘m miqdorida subsidiyalar ajratish belgilangan. Joriy qilingan suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalaridan sug‘orish mavsumida foydalanmaslik holatlari aniqlansa, ajratilgan subsidiya davlat byudjetiga qaytarilishi ham belgilab qo‘yilgan.
-G‘o‘za maydonlarini tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish natijasida, suvni ikki barobar tejash va har gektardan o‘rtacha 40 - 45 sentnergacha, viloyat bo‘yicha esa, o‘rtacha hosildorlikdan 1,5 – 1,7 marta yuqori ko‘rsatkichga erishish imkoni yaratiladi. - deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Buxoro viloyati Kogon tuman bo‘limi katta inspektori Q.Toxirov.
Bu borada Inspeksiyaning Buxoro viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan suvni tejash texnologiyalarni joriy etish ishlarini belgilangan muddatlarda kechiktirmasdan, shartnoma shartlarini to‘liq bajarilishi va qurilishda sifatli materiallardan foydalanish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar hamda fermer xo‘jaliklari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, zaruriy ko‘rsatmalar berilmoqda.
Qodir Toxirov, “O‘zagroinspeksiya”ning Buxoro viloyati
Kogon tuman bo‘limi katta isnpektori