O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 1 martdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-144-sonli qarori bilan 2022 yildan boshlab qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tartiblar belgilandi.
Xususan, mazkur qarorga asosan joriy yilda 478 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish, shu jumladan, 230 ming gektar tomchilatib, 28 ming gektar yomg‘irlatib, 2 ming gektar diskret usulda sug‘orish hamda 218 ming gektar maydonni lazerli tekislash belgilangan.
Bunda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun ajratiladigan subsidiyalar miqdori suv tejovchi tizimning sifatidan kelib chiqib belgilanadi hamda hisob-kitob qilingan summaning 50 foizi tizim joriy qilingan yili ajratiladi. Qolgan 50 foizi esa kelgusi yili hosildorlik oshishi va uskunalarning ishlatilishiga qarab ajratiladi. Bundan tashqari qo‘shimcha 20 foizi uchinchi yilda joriy qilingan tizimni ishlatgan holda yuqori hosildorlikni saqlab qolgan paxta, g‘alla va meva-sabzavot klasterlariga to‘lab beriladi.
Qaror doirasida ajratiladigan barcha subsidiya mablag‘lari joriy qilingan suvni tejaydigan sug‘orish tizimlari kamida besh yil ishlatilishi sharti bilan berilishi qatʼiy belgilab qo‘yildi.
Shu bilan birga, suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan yer maydonlari kamida 5 yil mobaynida maqbullashtirilmasligi, yer uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishiga yerdan foydalanuvchi roziligi asosida sarf etilgan mablag‘larning bozor qiymati va olib qo‘yish sababli yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanganidan so‘ng ruxsat etiladi.
Shuningdek, 2021 yilda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilganligi uchun Davlat byudjetidan subsidiya mablag‘larini olgan, biroq joriy etilgan suvni tejaydigan sug‘orish tizimlarini sug‘orish mavsumida ishlatishga ulgurmagan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar mazkur tizimni 2022 yil sug‘orish mavsumiga qadar ishga tushirmagan taqdirda olingan subsidiya mablag‘larini belgilangan tartibda Davlat byudjetiga qaytarilishi belgilab qo‘yildi.
Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida “O‘zagroinspeksiya” va uning hududiy boshqarmalari hamda tuman bo‘limlari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2021 yilda davlat byudjetidan subsidiya mablag‘larini olib, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan 3897 ta qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining ro‘yxatini shakllantirishdi hamda ularga 2022 yil sug‘orish mavsumiga qadar suvni tejaydigan sug‘orish tizimlari ishga tushirilmasa, olingan subsidiya mablag‘lari davlat byudjetiga qaytarilishi to‘g‘risida joylarda profilaktika tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Bugungi kunda, Davlat byudjetidan subsidiya olib joriy qilingan suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyasidan maqsadli va samarali foydalanish yuzasidan Inspeksiyaning hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlari tomonidan qatʼiy nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, qaror talablari bajarilmagan taqdirda olingan subsidiya mablag‘larini belgilangan tartibda Davlat byudjetiga qaytarish yuzasidan barcha zaruriy choralar qo‘rilishi taʼminlanadi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish boshqarmasi