Prezidentning joriy yil mart oyidagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-144-sonli Qarori 5-bandida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Inspeksiyaning Farg‘ona viloyati boshqarmasi hamda tumanlar (Quvasoy shahar) bo‘limlari inspektorlari tomonidan nazoratga olinib, doimiy monitoring ishlari o‘tkazib kelinmoqda.
O‘tkazilgan o‘rganishlarda 2021 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun viloyat bo‘yicha jami 9737 gektar maydonga suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilgan 452 ta qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga davlat byudjetidan 81,8 mlrd.so‘m subsidiya mablag‘i ajratilgani maʼlum bo‘ldi.
Shundan, Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan 9 196 gektar paxta, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan 216 gektar g‘alla va Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tomonidan 325 gektar bog‘-tokzorlarda joriy qilingan suv tejovchi texnologiyalar uchun subsidiyalar ajratib berilgan.
O‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida subsidiya mablag‘lari ajratilganligiga qaramasdan viloyat bo‘yicha 135 talabgorlar tomonidan shu kunga qadar suvni tejaydigan texnologiyalarni ishga tushirmagan yoki foydalanmaganlik holatlari aniqlanib, rasman ogohlantirishlar berildi.
Shuningdek, tuman hokimliklari va boshqa organlarga 39 ta yozma ko‘rsatmalar, 103 ta taqdimnomalar, 33 ta maʼlumotnomalar kiritilib, 69 nafar talabgorlar tomonidan jami 1 230 gektar maydonlarda hozirga qadar suvni tejovchi texnologiyalarni ishga tushirmaganlik yoki foydalanmaganlik holatlari yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborilib, 2,1 mlrd.so‘m miqdordagi subsidiya mablag‘lari to‘liq qaytarilishi taʼminlangan.
Misol uchun, Toshloq tumanida 10 nafar talabgorlarga 178 gektar maydonga suvni tejaydigan texnologiya joriy qilish uchun davlat byudjetidan subsidiya mablag‘lari ajratilgan bo‘lib, joriy yil sug‘orish mavsumiga shay holatga keltirilmaganligi aniqlanib, vakolatli organni xabardor etish tartibida tekshirishlar o‘tkazilib, to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqish uchun tuman prokuraturasiga yuborilgan.
Shu kabi holat, O‘zbekiston tumanida 3 nafar, Quva tumanida 4 nafar, Bog‘dod tumanida 38 nafar, Buvayda tumanida 5 nafar, Farg‘ona tumanida 2 nafar hamda Rishton tumanida 1 nafar talabgorlar tomonidan sug‘orish mavsumiga shay holatga keltirilmaganlik yuzasidan tuman hokimliklariga taqdimnomalar kiritilishi taʼminlandi.
“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi hamda tumanlar (Quvasoy shahar) bo‘limlari inspektorlari tomonidan ushbu yo‘nalishda nazorat tadbirlarining o‘tkazilishi tizimli davom ettiriladi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Farg‘ona viloyat boshqarmasi