Ру Ўз O`z En

Suvdan foydalanish qoidasini buzgan 3 ta fermer xo‘jaligining ishi sudga oshirildi

15 Aprel 2022 1593

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan oqilona foydalanish, suvning har bir tomchisini tejeb-tergab ishlatish zarur ekanini bugun hayotning o‘zi taqozo qilmoqda. Biroq bu haqiqatni hamma ham tushunib yetmaydi yoki amal qilgisi kelmaydi.

Birgina O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Paxtakor tuman bo‘limi tomonidan 2022 yilning 3 oyi davomida aniqlangan 164 ta qonunbuzilishi holatlarining o‘zi ham ushbu dolzarb masalaga yana-da oydinlik kiritishi mumkin. Mana shu vaqt davomida 133 ta nazorat tadbirlari olib borilib, shundan 27 tasi tekshirish va 106 tasi monitoring tarzida o‘tkazilgan.

-Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan 20 nafar jismoniy shaxsga maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, ularga nisbatan 5 mln 400 ming so‘mlik jarima jazo choralari qo‘llanilgan, -deydi Inspeksiyaning tuman bo‘limi katta inspektori O.Tojaliyev- Shuningdek, 3 ta holat bo‘yicha to‘plangan material sud idoralariga taqdim qilingan. Misol tariqasida, Paxtakor tumanidagi “Noʻmon Ota” fermer xo‘jaligiga tegishli g‘allani sug‘orishda maydonning 0,15 gektar qismi ko‘llatib yuborilgan. Bundan tashqari, suvdan foydalanish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar “Paxtakor Alpomishi” va “Solinlik Murodboy yeri” fermer xo‘jaliklarida ham sodir etilgan. Har ikkisida sho‘r yuvish ishlari olib borish davomida ehtiyojdan ortiqcha suv olinib, keragidan ortiqchasi shunchaki zovurga tashlab qo‘yilishi oqibatida katta miqdordagi suv isrof bo‘lgan.

Inspeksiyaning tuman bo‘limi tomonidan qonunbuzilishlarning oldini olish va huquqbuzarliklarni keltirib chiqarmaslik yuzasidan 136 ta yozma ko‘rsatma hamda tumandagi 247 ta fermer xo‘jaliklari rahbarlariga suv va suv resurslaridan samarali foydalanish yuzasidan ogohlantirish xatlari berilgan.

Bundan tashqari, qonunbuzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratgan shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan tegishli idora va tashkilotlarga 4 ta taqdimnoma kiritilgan.

Inspeksiyaning o‘tkazgan nazorat tadbirlari natijasida esa tumanda 5 mln.m3 suv resurslarini isrof bo‘lishi oldi olindi.

 O‘zagroinspeksiyaning Jizzax viloyat boshqarmasi Axborot xizmati

Text to speech