Maʼlumki, 2023 yil - “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim” yilida yurtimizda tadbirkorlarga yaratilgan imkoniyatlar va berilayotgan imtiyozlar katta ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni Savdo-sanoat palatasi Namangan viloyat hududiy boshqarmasi mutasaddilari hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Namangan viloyati boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari inspektorlari ishtirokidagi yig‘ilishda ham ana shu jihatlarga alohida eʼtibor qaratildi.“Havo harorati keskin sovib ketishining iqtisodiyotga salbiy taʼsirini kamaytirish uchun tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Qarori hamda tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilish yuzasidan qabul qilingan yangi farmon hamda qarorlar mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida so‘z bordi. Tadbirda inspeksiya tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlarni o‘tkazishda qonun buzilishlarga yo‘l qo‘yilishini oldini olish maqsadida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar haqida fikr almashildi.
Yig‘ilishda shuningdek, Biznes-Ombudsmanga Namangan viloyati faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subeʼktlaridan joriy yilning o‘tgan davrida kelib tushgan murojaatlar, ularni ko‘rib chiqilishi va qanoatlantirilishi yuzasidan ham batafsil maʼlumot berildi.