Ру Ўз O`z En

Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida noqonuniy tekshiruvlar o‘tkazish javobgarlikka sabab bo‘ladi

5 Oktyabr 2022 1519

Joriy yil 1-noyabrdan boshlab tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida ro‘yxatga olinmagan bo‘lsa, tekshiruvlarni o‘tkazish noqonuniy hisoblanadi.  Bu haqida Prezidentining joriy yil 13-sentyabrdagi «Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-374-sonli Qarorida ko‘rsatib o‘tilgan.

 

Shuningdek, mazkur Qarorning 2-bandiga binoan, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkazilgan tekshiruvlarning natijalari hamda profilaktika tadbirlari to‘g‘risida maʼlumot tekshiruv yoki profilaktika tadbirlari tugagan kundan boshlab uch kun muddatda «Yagona davlat nazorati» axborot tizimiga kiritilishi;

Qarorning 3-bandida «xavfni tahlil etish» tizimi natijalariga asosan o‘tkaziladigan tekshiruvlarning boshlanishi haqida kamida 10 ish kuni oldin tadbirkorlik subyektini xabardor qilish;

tadbirkorlik subyektining ilgari tekshirilgan faoliyat davridagi predmeti va obyekti bo‘yicha qayta tekshiruv o‘tkazishga va tadbirkorlik subyekti tomonidan avval taqdim etilgan hujjatlarni talab qilishga haqli emasligi;

Qolaversa, tadbirkorlik subyektlari uchun profilaktika tadbirlarini Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishgan holda reja-grafiklar asosida tadbirkorlik subyektlari moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashmasdan, seminarlar, ommaviy muhokamalar, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, «ochiq eshiklar kuni» tarzida tashkil etish, shuningdek, tarqatma material va qo‘llanmalar bilan taʼminlash, tavsiya va xabarlar yuborish shakllarida amalga oshirilishi belgilangan

2023-yil 1-yanvardan boshlab «Yagona davlat nazorati» axborot tizimidagi davlat nazorati funksiyalari reyestriga kiritilmagan funksiyalar bo‘yicha tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazish taqiqlanadi.

Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Inspeksiya boshlig‘ining joriy yil 16 sentyabrida I-72-sonli sonli buyrug‘i hamda nazorat rejasi tasdiqlangan. Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241- prim 2 moddasiga hamda Jinoyat kodeksining 192-prim 2 moddasiga binoan tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilish tartibini buzishda ifodalangan g‘ayriqonuniy harakat sodir etganligi mansabdor shaxslarning maʼmuriy va jinoiy javobgarlik masalasini hal etishga asos bo‘ladi. 

"O‘zagroinspeksiya " Axborot xizmati

Text to speech