Respublikada 2024-yil hosili uchun 1 mln. 169 ming 775 gektar maydonlarda boshoqli don ekinlari parvarish qilinmoqda.
“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmalari va tumanlar bo‘limlari tomonidan hududlarda 2024-yil hosili uchun g‘alla parvarishida agrotexnik tadbirlarni tashkil qilish bilan birga, uni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi ustidan doimiy nazorat olib borilmoqda.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2024-yil hosili uchun parvarish qilinayotgan g‘alla maydonlarida kasallik, zararkunanda va begona o‘tlarga qarshi kurash ishlarining borishi Inspeksiya tomonidan nazoratga olingan.
Bugungi kunda Respublika hududlarida mavjud 5 ming 48 dona purkagichlar bilan zang kasalligiga qarshi 1 mln. 78 ming 257 gektar yoki 92 foiz maydonlarda fungitsidlar bilan ishlov berish ishlari o‘tkazilganligi maʼlum bo‘ldi.
Ushbu tadbir Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida to‘liq 1,0-1,2 marta amalga oshirildi.
Shuningdek, g‘alla zararkunandalariga qarshi 584 ming gektar yoki 50 foiz g‘alla maydonlarida zararkunandalarga qarshi insektitsidlar bilan ishlov berilganligi aniqlandi.
Jumladan, Buxoro, Surxondaryo, Andijon viloyatlarida 80-90 foiz g‘alla maydonlarida o‘tkazilganligi maʼlum bo‘ldi.
Shu bilan birga, g‘alla maydonlaridagi begona o‘tlarga qarshi 91 foiz maydonda gerbitsidlar bilan ishlov berilganligi aniqlandi.
Misol uchun, Farg‘ona, Samarqand, Namangan, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarida ushbu tadbir bir marta to‘liq o‘tkazildi.
Inspeksiyaning soha xodimlari tomonidan mavsum davomida hududlarda g‘alla parvarishida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan 31 ming 150 ta monitoring tadbirlari o‘tkazib, ushbu tadbirlar davomida 15 ming 178 ta fermer xo‘jaliklarining 107 ming 914 gektar g‘alla maydonlarida kamchiliklar aniqlandi.
Ushbu holatlarni bartaraf etish maqsadida, tuman hokimliklari, mutasaddi tashkilot va idoralarga 470 ta taqdimnomalar kiritildi, g‘allachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklariga 30 ming 680 ta ogohlantirishlar berildi.
“O‘zagroinspeksiya”ning soha mutaxassislari tomonidan, mavsum davomida hududlarda parvarish qilinayotgan g‘alla maydonlarida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi nazorat qilib boriladi.