Xalqimiz azaldan suvni eʼzozlab, uning har tomchisini eʼzozlaydi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda suv taqchilligining oldini olish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yana-da jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4919-sonli qarori qabul qilindi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Oqdaryo tuman bo‘limi tomonidan mazkur qaror ijrosini o‘z vaqtida va sifatli taʼminlash yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ijrosi to‘liq taʼminlanmoqda.
2021 yilda 17 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 317 gektar maydonda suv tejamkor texnologiyalarni joriy qilindi. Hududlarda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etib, samaradorlikka erishayotgan fermer xo‘jaliklari soni tobora ortib bormoqda.
Jumladan, “Oqdaryo Umid Bolta” fermer xo‘jaligi o‘tgan yilda 32 gektar maydonda mazkur tizimni joriy etdi. Samaradorlik fermer kutgandan ham yaxshi bo‘ldi.
-Tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilganda suv tejalib, daromad oshadi. Bu texnologiyalar masofadan boshqariladi, ortiqcha ish kuchi kerak bo‘lmaydi. Hozir shu maydonlarni bir kunda juda oz miqdordagi suv bilan sug‘orish imkoni paydo bo‘ldi. Bir yilda qilgan barcha xarajatlarimiz qoplandi,-deydi fermer Qobil Olimov.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 dekabrda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yana-da jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4919-sonli qarorining 2 ilovasiga ko‘ra, har bir gektar uchun paxta va uzum plantatsiyalariga 8 million so‘mdan 11 million so‘mgacha(Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida paxta maydonlarida joriy etilgan tomchilatib sug‘orish texnologiyala uchun 12 million so‘m), mevali ekinlarga 6 million, ozuqabop, moyli, dukkakli ekinlar va dorivor o‘simliklarga 2,5 million, sabzavot ekinlari va kartoshkaga 1,5 million, poliz ekinlariga 1,3 million so‘m miqdorida subsidiyalar ajratish belgilangan.
Joriy qilingan suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalaridan sug‘orish mavsumida foydalanmaslik holatlari aniqlansa, ajratilgan subsidiya davlat byudjetiga qaytarilishi ham belgilab qo‘yilgan.
G‘o‘za maydonlarini tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish natijasida, suvni ikki barobar tejash va har gektardan o‘rtacha 40 - 45 sentnergacha, bu esa tumanda o‘rtacha hosildorlikdan 1,5 – 1,7 marta yuqori ko‘rsatkichga erishish imkoni yaratildi.
Joriy yilda 88 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 2 ming 245 gektar maydonda suv tejamkor texnologiyalarni joriy qilish rejalashtirilgan.
Shu maqsadda, "Oxalik Oltin bog‘i mevasi" MCHJ bilan ikki tomonlama shartnomalar tuzilib, amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Xulosa shuki, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda tejamkor texnologiyalar joriy etilsa, hosildorlik ko‘tarilishi bilan birga, suvni tejash imkoniyati ham yuzaga keladi.
M.Po‘latov, “O‘zagroinspeksiya”ning Oqdaryo tuman bo‘limi boshlig‘i