Ру Ўз O`z En

“TOMDI YANGI G‘AZG‘ON” NASLCHILIK XO‘JALIGIDA CHORVA OZUQASI GIDROPONIKA USULIDA YETISHTIRILMOQDA

30 Sentyabr 2021 2422

Navoiy viloyatining asosiy faoliyat turi chorvachilik bo‘lgan Tomdi tumanida bugungi kunda 241 ta chorvachilikka ixtisoslashgan subyektlar mavjud. Jumladan, 1 ta qoramolchilik, 206 ta qo‘ychilik-echkichilik, 24 ta yilqichilik, 10 ta tuyachilik, shundan 3 ta naslchilik maqomiga ega xo‘jalik yurituvchi subyektlar bo‘lib, 1 ta qoramolchilik, 1 ta qorako‘lchilik, 1 ta hisori qo‘ychilik xo‘jaliklari faoliyat yuritib kelmoqda. Chorvachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan qoramolchilik xo‘jaliklarida jami 351 bosh qoramol, 152 ming 160 bosh qo‘y, 1 ming 746 bosh yilqi, 500 boshdan ortiq tuya parvarish qilinmoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi tuman bo‘limi tomonidan chorvachilik subyektlarida mavjud mol bosh sonlari, ularga ajratilgan yer maydonlari va ulardan samarali foydalanish, naslli mollarning saqlanishi, parvarishlanishi hamda takror ko‘paytirilishi doimiy nazorat qilib borilmoqda.

Maʼlumki, chorvani to‘yimli ozuqa bilan taʼminlash sohadagi asosiy masalalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, cho‘lda naslli qoramollarni parvarishlash, ularga yetarli yemish zaxirasini yaratishning birmuncha murakkabliklari bor. Tumandagi qoramolchilikka ixtisoslashgan “Tomdi Yangi G‘AZG‘ON” naslchilik xo‘jaligida bu masalaga ijobiy yechim topilgan. Naslchilik xo‘jaligida bugungi kunda jami 351 bosh qoramollar, shundan 86 bosh nasldor sigir, 521 bosh qo‘ylar, 45 bosh yilqilar, 25 bosh tuyalar, 35 ming bosh broller tovuqlari parvarishlanmoqda.

Fermer Yaqub Jo‘raqulov rahbarligidagi mazkur naslchilik xo‘jaligida chorva mollari uchun ozuqani  gidroponika usulida yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Buning uchun bug‘doy o‘stiradigan alohida uskunalar keltirilgan. Maxsus xonada bir martada 5 tonna bug‘doyni o‘stirib olish imkoniyati yaratilgan. O‘stirishga qo‘yilgan 1 kilogramm bug‘doy qisqa muddatda 6-7 kilogramm ozuqaga ko‘paytirilib, har bir bosh molga ratsion asosida silos va somonga aralashtirilib, oziqlantirilmoqda.

Aytish kerakki, gidroponika usulida ko‘k ozuqa yetishtirish uchun barcha sharoit yaratilgan. Jarayon har 7-8 kunda takror amalga oshiriladi. Natijada o‘stiriladigan 5 tonna bug‘doy 30-35 tonnaga ko‘payadi.

Manbalarda qayd etilishicha, 1 metr kvadrat yerda gidroponika usulida undirilgan dondan 25–28 kilogrammgacha ko‘k massa olish mumkin. Buning uchun atigi 7–8 kun kifoya qiladi. Xuddi shu o‘lchamdagi yerda bir yilda 52 marta hosil yetishtirsa bo‘ladi. Bu 1300–1456 kilogrammgacha ko‘k massa olish mumkin, deganidir. Ushbu ko‘rsatgich don va takroriy ekindan olinadigan dag‘al – xashak va silosga nisbatan 282–316 martaga ko‘p.

- Gidroponika texnologiyasini qo‘llash chorva ozuqasining tannarxini arzonlashtirishga ham sabab bo‘ladi, - deydi “Tomdi Yangi G‘AZG‘ON” naslchilik xo‘jaligi rahbari Ya. Jo‘raqulov.- Gidroponika usulida ozuqa yetishtirish – ham to‘yimli va arzon. Shu bilan birga bunday shirali yemish sog‘in sigirlarimizning mahsuldorligini oshirmoqda. Sigirlarimizdan bir kunda o‘rtacha 1500-1550 litrgacha sut olyapmiz. Sut va sut mahsulotlari aholiga yetkazib berilyapti. Bundan tuman ahli ham mamnun.    

 “O‘zagroinspeksiyaning Tomdi tuman bo‘limi katta inspektori Aʼzam Saidovning taʼkidlashicha, naslchilik xo‘jaligida chorvaning parvarishlanishi, ozuqa zaxirasi va boshqalar bo‘yicha doimiy tarzda o‘rganishlar olib boriladi. Zarur o‘rinlarda inspektorlar tomonidan fermerga tavsiya va maslahatlar berib kelinmoqda.   

Maʼlumot o‘rnida keltirish joizki, Inspeksiyaning tuman bo‘limi tomonidan joriy yilning yanvar-avgust oyi davomida chorvachilik yo‘nalishida jami 51 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilib, 20 ta qonunbuzilishlar aniqlangan. 2 ta taqdimnoma, 14 ta yozma ko‘rsatma, 49 ta ogohlantirishlar berilgan. To‘plangan 4 ta material hujjatlari qonuniy chora ko‘rish uchun sud va prokuratura organlariga yuborilishi taʼminlangan.  

 

O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi Matbuot xizmati

Text to speech