Ру Ўз O`z En

To‘qimachilik sanoati rivojlangan Turkiya paxtachiligi va g‘o‘za navlari

11 Aprel 2022 1920

So‘ngi yillarda Respublikamiz paxtachilik sohasiga paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatining joriy qilinishi, bu sohada qisqa fursatlarda ijobiy natijalarga erishilayotganligini ko‘rsatmoqda.

Xususan, Hukumatimiz tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarda nav tanlash va ularni oqilona joylashtirish borasida bir qator imtiyozlarning berilishi natijasida paxtachilikda hosildorlik sezilarli darajada oshib bormoqda.

Ayniqsa, paxta xom-ashyosi yetishtiruvchilarga rayonlashgan g‘o‘za navlarini erkin joylashtirish vakolatlari berilgach, Sulton, Buxoro-102, Buxoro-10, S-8290 singari ertapishar, Buxoro-6, Buxoro-8 singari o‘rtapishar g‘o‘za navlarining so‘ngi yillarda egallagan maydoni sezilarli darajada kengayib, fermer xo‘jaliklari va klasterlarga dehqonbop va sanoatbop nav sifatida maʼqul kelmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligini yana-da rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-106-sonli qarorining 9-bandi “a” kichik bandiga muvofiq, agroklasterlar va fermer xo‘jaliklariga g‘o‘za hamda boshoqli don ekinlarining eng hosildor navlarini belgilangan tartibda import qilishga, shuningdek, mustaqil joylashtirishga ruxsat berilishi ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, mazkur imtiyozlar paxta-to‘qimachilik klasterlarida chet el seleksiyasiga mansub g‘o‘za navlarini ekishga bo‘lgan qiziqishini yana-da orttiradi.

Shu bois, chet el seleksiyasiga mansub g‘o‘za navlari, xususan paxta to‘qimachilik klasterlari tomonidan ko‘plab qiziqishlarga sabab bo‘layotgan Turkiya davlatida ekilayotgan g‘o‘za navlari to‘g‘risida qisqacha maʼlumot berib o‘tishni joiz deb bildik.

Turkiya milliy navlari ro‘yxatida 96 ta paxta navi mavjud. Ulardan 43 tasi Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va siyosati bosh boshqarmasi (TAGEM) tomonidan ishlab chiqilgan va ro‘yxatga olingan navlardir. Mavjud navlardan tashqari, Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va siyosati bosh boshqarmasi (TAGEM) tomonidan ishlab chiqilgan 11 ta yangi nav 2020 yilda ro‘yxatga olingan.

Ushbu mintaqada asosan MAY-505, MAY-344, MAY-455, ST-468, ST-498, ST-373 singari yuqori sifatli tola beruvchi, moslashuvchan, yuqori samaradorlikka va tola chiqimiga ega bo‘lgan navlar ekiladi.

2019-yilgi maʼlumotlarga ko‘ra, Turkiyada ishlab chiqarilgan paxtaning 84% ni mos ravishda 6 ta viloyat taʼminlaydi. Bular Shanliurfa (37%), Aydin (11%), Diyarbakir (11%), Hatay (10%), Adana (9%) va Izmir (6%) viloyatlaridir.

Bugungi kunda mamlakatda faoliyat yuritayogan “MY FIBER” brendi ostida ekiladigan g‘o‘za navlarining tola sifatiga qo‘yiladigan talablar quyidagilardan iborat:

yuqori o‘rtacha uzunlik - 30 mm yoki undan yuqori,

tolaning pishiqligi – 31g/teks va undan yuqori,

tola nozikligi (mikroneyri) – 3,8-4,6 oralig‘ida,

ip yigiruvchanlik koeffitsiyenti – 150 dan yuqori,

kalta tolalar indeksi – 5 dan kam bo‘lishi,

uzunlik bo‘yicha birxillik indeksi – 87 %dan yuqori,

Rang bo‘yicha nav ko‘rsatkichi – 11-21-31-41-oralig‘ida bo‘lishi lozim.

Yuqori tola sifatiga ega bo‘lgan g‘o‘za navlari to‘g‘risida qisqacha maʼlumot.

G‘o‘zaning MAY-505 navi:

O‘rta ertapishar nav bo‘lib, barglari kam tukli, yuqori hosildorlik va moslashuvchanlik qobiliyatiga ega, vertitsellyoz va fuzarioz so‘lish kasalliklariga chidamli, mashina terimiga moslashgan nav sanaladi. Turkiyada paxta ekiladigan mintaqalarga tavsiya etilgan. Tolasining sifati quyidagicha:

yuqori o‘rtacha uzunlik – 31-32 mm,

tolaning pishiqligi – 32-36 g/teks,

tola nozikligi (mikroneyri) – 4,4-4,6 oralig‘ida,

tola chiqishi, - 43-45 % oralig‘ida,

G‘o‘zaning MAY-455 navi:

Ertapishar nav, barglari kam tukli, konussimon o‘simlik tuzilishiga ega bo‘lib, hosil elementlari asosiy poyaga yaqin joylashgan. O‘simlikda 5 chanoqli ko‘saklar 60-70 foizni tashkil qiladi, yuqori hosildorlik, qurg‘oqchilik va moslashuvchanlik qobiliyatiga ega, vertitsellyoz va fuzarioz so‘lish kasalliklariga chidamli, mashina terimiga moslashgan nav sanaladi. Turkiyada paxta ekiladigan mintaqalarga tavsiya etilgan. Tolasining sifati quyidagicha:

yuqori o‘rtacha uzunlik – 31-32 mm,

tolaning pishiqligi – 32-35 g/teks,

tola nozikligi (mikroneyri) – 4,4-4,8 oralig‘ida,

tola chiqishi, - 44-46 % oralig‘ida,

G‘o‘zaning ST-468 navi:

O‘rta ertapishar nav bo‘lib, barglari tukli, o‘simlikda 5 chanoqli ko‘saklar 70-75 foizni tashkil qiladi, ko‘saklari o‘rtacha kattalikda, qurg‘oqchilikka chidamli va yuqori moslashuvchanlik qobiliyatiga ega, vertitsellyoz va fuzarioz so‘lish kasalliklariga chidamli, paxtasi chanoqdan to‘kilib ketmaydigan mashina terimiga moslashgan nav sanaladi. Janubi-sharqiy Onado‘li mintaqasi uchun tavsiya etilgan. Tolasining sifati quyidagicha:

yuqori o‘rtacha uzunlik – 30-31 mm,

tolaning pishiqligi – 34-36 g/teks,

tola nozikligi (mikroneyri) – 4,2-4,4 oralig‘ida,

tola chiqishi, - 44-45 % oralig‘ida,

G‘o‘zaning ST-498 navi:

O‘rta ertapishar nav bo‘lib, barglari o‘rtacha tuklangan, o‘simlikda 5 chanoqli ko‘saklar 70-75 foizni tashkil qiladi, ko‘saklari o‘rtacha kattalikda, qurg‘oqchilikka chidamli va yuqori moslashuvchanlik qobiliyatiga ega, vertitsellyoz va fuzarioz so‘lish kasalliklariga yuqori darajada chidamli, yig‘im-terim davrida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan shamol yoki yomg‘ir tufayli paxtasi chanoqdan to‘kilib ketmaydigan mashina terimiga moslashgan nav sanaladi. Turkiyada paxta ekiladigan mintaqalarga tavsiya etilgan. Tolasining sifati quyidagicha:

yuqori o‘rtacha uzunlik – 30-31 mm,

tolaning pishiqligi – 34-36 g/teks,

tola nozikligi (mikroneyri) – 4,2-4,4 oralig‘ida,

tola chiqishi, - 44-45 % oralig‘ida,

G‘o‘zaning MAY-344 navi:

Ertapishar nav, barglari o‘rtacha tukli, yirik ko‘sakli, yuqori hosildorlik, qurg‘oqchilik va moslashuvchanlik qobiliyatiga ega, vertitsellyoz va fuzarioz so‘lish kasalliklariga chidamli, yig‘im-terim davrida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan shamol yoki yomg‘ir tufayli paxtasi chanoqdan to‘kilib ketmaydigan mashina terimiga moslashgan nav sanaladi. Chukurova va Egey mintaqalariga tavsiya etilgan. Tolasining sifati quyidagicha:

yuqori o‘rtacha uzunlik – 29-31 mm,

tolaning pishiqligi – 29-31 g/teks,

tola nozikligi (mikroneyri) – 4,0-4,4 oralig‘ida,

tola chiqishi, - 41-43 % oralig‘ida,

G‘o‘zaning ST-373 navi:

Ertapishar nav bo‘lib, barglari o‘rtacha tuklangan, o‘simlikda 5 chanoqli ko‘saklar 65-70 foizni tashkil qiladi, yirik ko‘sakli, 1000 dona chigit vazni 100 gr, yuqori hosildorlikka ega, vertitsellyoz va fuzarioz so‘lish kasalliklariga chidamli, mashina terimiga moslashgan nav sanaladi. Egey mintaqasiga tavsiya etilgan. Tolasining sifati quyidagicha:

yuqori o‘rtacha uzunlik – 29,5-30 mm,

tolaning pishiqligi – 31-32 g/teks,

tola nozikligi (mikroneyri) – 4,2-4,5 oralig‘ida,

tola chiqishi, - 40-41 % oralig‘ida,

Bundan tashqari, mamlakat mahalliy seleksiyasiga mansub yuqori sifatli tolaga ega paxta navlari Zambiya davlatida olib borilgan keng ko‘lamli loyihalar natijasida ikki yil davomida sinovdan o‘tkazilgan MAY-505 va MAY-344 navlari yuqori hosildorlik va yuqori moslashish ko‘rsatkichlari, shuningdek, yuqori paxta hosildorligi va yuqori tola sifatini baholash natijalariga ko‘ra Zambiya Urug‘lik nazorati va sertifikatlashtirish instituti tomonidan ro‘yxatga olingan va ushbu navlar mamlakat hududida ekiladigan navlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Internet maʼlumotlari asosida tayyorlandi.

 

N.Ismailov - Inspeksiyaning Urug‘lik paxta xom-ashyosi chigiti yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i

M.Kurbanbayev - Inspeksiyaning Qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i

 

 

Text to speech