Chorvachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish, zamonaviy va innovatsion uslublarni joriy etish, mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish va turlarini kengaytirish, shuningdek, aholini mahalliy sharoitda ishlab chiqarilgan sifatli va arzon chorva mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash hamda chorvachilikka ixtisoslashgan korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga mamlakatimizda alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida ham bu masalaga alohida eʼtibor qaratilib, rivojlangan davlatlardan zotdor mollarni olib kelish va bosh sonini ko‘paytirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Bugungi kunda tumanda 21 ta chorvachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan 8 tasi naslchilik maqomiga ega.
Tumandagi “To‘raqo‘rg‘on agrosanoat” fermer xo‘jaligi mazkur yo‘nalishda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan subyektlardan biri hisoblanadi. Mazkur xo‘jalikda ayni kunda Shvetsiyadan olib kelingan “Semental” zotli 401 ta qoramol parvarishlanmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida ulardan 110 dan ortiq buzoqlar olindi.
- Bugungi kunda tumanimizda chorvachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklarida jami 3 ming 21 bosh qoramol boqilmoqda. Ahamiyatlisi ularning 1 ming 229 tasi xorijdan keltirilgan naslli zotlarni tashkil etadi-, deydi biz bilan suhbatda “O‘zagroinspeksiya”ning To‘raqo‘rg‘on tuman bo‘limi chorvachilikda naslchilik ishlarini taʼminlash ustidan nazorat bo‘yicha katta inspektori Faxriddin Sayfiddinov. - “O‘zagroisnpeksiya” faoliyatini tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlarga asosan, shuningdek Inspeksiyaning tuman bo‘limi tomonidan sohani rivojlantirishga oid qonunlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi “Naslchilik to‘g‘risida”gi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari, qabul qilingan dasturlarda belgilangan topshiriqlarni o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirib kelinmoqda.
Respublikamizda chorvachilikni rivojlantirish, xususan chetdan naslli qoramollarni olib kelish va mahalliy zotini yaxshilash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan hisoblanadi. O‘z o‘rnida naslchilik xo‘jaliklari sonining ortgani va ularda boqiladigan chorva mollarining ko‘payishi mamlakatimizda go‘sht va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirishga xizmat qiladi.
“O‘zagroinspeksiya” Namangan viloyati boshqarmasi Axborot xizmati