Ру Ўз O`z En

To‘raqo‘rg‘onda kelgusi yil hosili uchun puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda

15 Dekabr 2021 1280

Xalqimizda «To‘qsonda sug‘orsang, to‘qson botmon hosil olasan», degan hikmat bor. Bu bejizga aytilmagan, albatta. Negaki, ekinlarni kuzda ekib, qor ostida qoldirish usuliga TO‘QSONBOSTI deb aytiladi. Bunday ekinlarning urug‘lari erta ko‘klamda yerdan juda barvaqt unib chiqib, tez rivojlanishi hisobiga erta hosil beradi.

O‘simlikni kuzda ekishning yana bir sababi, kuzda ekilgan sarimsoqpiyozdan ko‘klamda ekilganiga nisbatan ko‘proq hosil olinadi. Eng muhimi, dehqonchilikning “to‘qsonbosti” yaxshigina daromad manbai bo‘lish bilan birga, aholining ertaki sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish imkoni ham ortadi.

Shu boisdan ham Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tuman fermer xo‘jaliklari tomonidan jami 649 gektar maydonga 2022 yil hosili uchun piyoz, sarimsoqpiyoz hamda sabzavot rezavor ekinlar ekilishi rejalashtirilgan.  Ayni kunlarda ana shu ishlar o‘z nihoyasiga yetkazilmoqda. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi To‘raqo‘rg‘on tuman bo‘limidan olingan maʼlumotlarga ko‘ra, kelgusi yil hosili uchun piyoz, sarimsoqpiyoz, osh lavlagi bilan birga ko‘katlardan selderey, ukrop, petrushka hamda brokkoli, gulkaram va karam ekinlari ham ekilmoqda.

Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, tuman bo‘yicha fermer xo‘jaliklari tomonidan jami 649 gektar maydonga “to‘qsonbosti” usulida ekin joylashtiriladi. Ushbu maydonlardan jami 18,5 tonna yalpi hosil olish rejalashtirilgan. Shundan 6,7 tonna piyoz, 1,6 tonna sarimsoqpiyoz, 2,6 tonna sabzi, 1,2 tonna osh lavlagi, 3,2 tonna ko‘katlar va 3,1 tonna boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini tashkil etadi. Yetishtirilgan mahsulotlarning 4,2 tonnasi eksportga yo‘naltirish va 12,9 tonnasini esa ichki isteʼmol bozorlariga yetkazib berilishi rejalashtirilgan.  

Bu o‘z o‘rnida bozorlarda narx-navo barqarorligini taʼminlash barobarida aholi va fermer xo‘jaliklari daromadining ortishiga ham xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.  

A. Sadritdinov, “O‘zagroinspeksiya” Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tuman bo‘limi katta inspektori

Text to speech