Ру Ўз O`z En

Toshkent viloyatida soyachilikni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda

17 May 2022 2706

Soya – dunyo miqyosida bebaho o‘simlik sifatida qadrlanadi. Ushbu dukkakli o‘simlik ekin maydoni jihatidan jahonda bug‘doy, sholi va makkajo‘xoridan keyingi o‘rinni egallaydi. Shimoliy va janubiy Amerika davlatlari soya donini eksport qilishda yetakchi hisoblanadi.

So‘ngi yillarda Respublikamizda noanʼanaviy qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Respublikamiz aholisining oziq-ovqat mahsulotlariga, xususan, o‘simlik moyiga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirish, import hajmini qisqartirish, chorvachilik va parrandachilikning ozuqa bazasini mustahkamlashda soya ekinining ahamiyati katta. Soya barcha qishloq xo‘jaligi ekinlari, xususan kuzgi g‘alla, makkajo‘xori, sabzavotlar va boshqa ekinlari uchun yaxshi o‘tmishdosh ekin hisoblanadi.

Joriy yil Toshkent viloyatida 10 ming gektardan ortiq maydonda soya ekish belgilangan. Ushbu maydonlardan 20 ming tonna, shundan, 19 ming 940 tonna tovar don va 60 tonna urug‘lik don yetishtirish rejalashtirilgan bo‘lib, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan agrotexnik tadbirlarning bajarilishi kunlik nazoratga olingan.

Shu kunlarda fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalari tomonidan ekilgan soya ekini alohida parvarish qilinmoqda. Hozir davlatimiz tomonidan soyachilikni rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Buning natijasida aholini ham iqtisodiy, ham ekologik jihatdan o‘ta foydali ozuqa bilan taʼminlashga erishiladi.

Soya o‘simligi biologik hususiyatiga ko‘ra, joy tanlamaydi. Sho‘rlangan, yer osti suv sathi ko‘tarilgan ekin maydonlarida ham o‘saveradi. Shuningdek, uni aralash usulda parvarishlash juda qulay. Yeng muhimi, u yerni “davolaydi”, tuproqni azot bilan boyitadi. Dukkakli o‘simlik bo‘lgani bois har gektar yerda 55-60 kilogramm, baʼzida 80-100 kilogrammgacha sof azot yig‘ib beradi.

Soyaning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda ham o‘rni beqiyos. Respublikamizning yog‘ zavodlarida soya donidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yog‘ ajratib olinadi. Yog‘i ajratib olingandan so‘ng izolyatidan konditer sanoatida shokoladli konfetlar tayyorlash mumkin. Yoki turli xil pishiriqlar, non va non mahsulotlari, kolbasa mahsulotlarini tayyorlashda foydalaniladi. Tarkibida oqsil moddasi ko‘p bo‘lgani uchun soya uni qo‘shilgan non va shirinliklar 2-3 marotaba to‘yimli bo‘ladi.

Demak, soyani yetishtirish bilan qator muhim masalalar hal etiladi, yaʼni tuproqni biologik azot bilan boyitish barobarida aholini sifatli, ekologik toza o‘simlik moyi bilan taʼminlanadi va turli xil mahsulotlar tayyorlanadi. Shuningdek, yangi ish o‘rinlari yaratilishi ham ko‘zda tutilgan.

Shu boisdan ham Toshkent viloyati mirishkorlari tomonidan soyachilik tarmog‘iga katta eʼtibor qaratilmoqda.

O‘.Nurbekov, Agroinspeksiya Toshkent viloyat boshqarmasi boshlig‘i v.v.b.                                                 

Sh.Usubaliyev, Agroinspeksiya Toshkent viloyati Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishi va taʼminotini nazorat qilish bo‘limi bosh inspektori       

Text to speech