Ру Ўз O`z En

Toshkent viloyati: g‘alla o‘rimi avj pallada

9 Iyun 2022 1627

Joriy yilda Toshkent viloyatining 103 ming 845 gektar suvli maydonlarida boshoqli don ekini yetishtirildi. Ayni kunlarda barcha tumanlarda g‘alla o‘rimiga start berilib, agrar soha egalari tomonidan yaratilgan hosilni nes-nobud qilmasdan, yig‘ishtirib olish choralari ko‘rilmoqda. Misol uchun, viloyatning Oqqo‘rg‘on tumanida 2022 yil hosili uchun 153 ta fermer xo‘jaliklari va g‘allachilik klasteri tomonidan 10 ming 600 gektar yerda boshoqli don ekinlari parvarishlangan bo‘lsa, don sotish shartnomasiga asosan jami 28 ming 700 tonna, shundan 26 ming 200 tovar don, 2 ming 500 tonna urug‘lik don topshirish belgilab olingan.

Hosilni o‘rib-yig‘ib olish ishlarida qatnashadigan kombaynlarning allaqachon shay holatga keltirilgani esa jarayonni yana-da uzluksiz olib borilishini taʼminlaydi.

Mavsum avvalida viloyat bo‘yicha o‘rim-yig‘im ishlarida 293 ta yuqori unumli don o‘rish kombaynlarni qatnashishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan, “Keys” va “Nyu Xolland” rusumli kombaynlar 110 dona, “Klaas Domintor-139” kombayni 47 dona, “Vektor-39” va boshqa rusumli kombaynlar esa 5 donani tashkil etadi. Kombaynlar taʼmiri uchun ishlatiladigan ehtiyot qismlar va yonilg‘i moylash materiallari uchun 8 mlrd 61 mln so‘m miqdorida pul mablag‘lari talab etilishi hisob-kitob qilingan. O‘zlashtirilgan 7 mlrd 475 mln so‘mlik pul mablag‘lari evaziga mazkur kombaynlar to‘liq taʼmirdan chiqarilgan.

Shuningdek, 14 ta tumanda hamda viloyatda g‘alla o‘rim-yig‘im ishlarini muvofiqlashtirib boruvchi shtablar tashkil etilib, otryadlar tuzilgan. Har bir shtab o‘rtacha 5 donadan kombaynlarning ishlashini nazorat qilib boradi. Otryadga ichki ishlar, yer tuzuvchi va bank xodimlari, shuningdek g‘alla tashish transportlari, texnik xizmat avtomashinalari, yoqilg‘i tashish transportlari ham biriktirilgan. O‘rim jarayonida kombaynlarda nosozliklar kuzatilganda, 24 soat ishlovchi ko‘chma servis xizmati tashkil etilgan.

Toshkent viloyatida “O‘zdonmahsulotAK tizimidagi 3 ta, “Toshkentdonmahsulotlari”, “G‘alla-Alteg” va “Ohangaron don” aksiyadorlik jamiyatlariga qarashli 11 ta don qabul qilish shaxobchalari mavjud bo‘lib, mazkur don qabul qilish shaxobchalariga ham “O‘zagroinspeksiyaning Toshkent viloyati boshqarmasi va tuman bo‘limlarining masʼul inspektorlari biriktirilgan. Inspektorlar tomonidan shaxobchaga qabul qilinayotgan don va miqdori, sinfi va sifat ko‘rsatgichlari nazoratga olingan. Shuningdek fermer xo‘jaliklari tomonidan nizoli holatlar yuzaga kelgan taqdirda, shtab inspektorlari ijobiy hal etishga ko‘maklashmoqda. Shu bilan birga g‘alla o‘rimi jarayonida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida kunlik maʼlumotlar tayyorlab borilmoqda.

O‘zagroinspeksiyaning Toshkent viloyat boshqarmasi Axborot xizmati 

Text to speech