Ру Ўз O`z En

Toshkent viloyati yashil maskanga aylanmoqda

24 Noyabr 2022 2174

"Yashil makon" - iborasi so‘ngi vaqtlarda shiorga aylanib, umummilliy harakatga aylandi, desak xato bo‘lmaydi. Har yerda ko‘chat ekish aksiyalari, minglab gektar maydonlarda daraxt o‘tkazish tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. U xoh shahar yoki tuman bo‘lsin, maqsad bitta – u ham bo‘lsa, insonlarning hayot sifati yaxshilansin, atrof obod manzilga aylansin.

Ana shunday xayrli maqsadlar bilan «O‘zagroinspeksiya»ning Toshkent viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari ham katta loyihaga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

- Aytish joiz, ushbu umummilliy loyiha doirasida butun viloyat bo‘ylab ekilayotgan manzarali va mevali ko‘chatlar issiqlik taʼsirini kamaytirishga hamda havo harorati pasayishiga qisman bo‘lsada hissa qo‘shadi. Ushbu loyihaning “Yaxshidan bog‘ qolur” shiori ostida o‘tkazilayotgani ham bejizga emas, — deydi Inspeksiyaning Toshkent viloyat boshqarma boshlig‘i S. Sadikov.

Har bir ekilgan daraxt havoni changdan tozalashi, kislorod ishlab chiqarishi bilan ham hozir butun dunyoda kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishlariga ijobiy taʼsir etib, kelajak avlodga yashil makon qoldirishimizga sababchi bo‘ladi.

Shu munosabat bilan loyiha doirasida Inspeksiyaning Toshkent viloyat boshqarmasi tomonidan joriy yilning kuz oylarida 2 ming dona mevali hamda manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish belgilab olindi.Har bir inspeksiya xodimi o‘zining tashabbusi bilan ko‘chat ekish ishlarini tashkil etish hamda ko‘kalamzorlashtirish maqsadida uzi yashab turgan hududdagi mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi kam taʼminlangan va ehtiyojmand oilalarga, maktabgacha taʼlim muassasasi, maktab hududlari hamda fermer xo‘jaliklari yer maydoni atrofiga ko‘chat ekish ishlari tashkil etildi.

Hozirda inspeksiyaning viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan joriy yilning 22 noyabr holatiga jami 3 ming dona manzarali, mevali va boshqa turdagi ko‘chatlar ekilishi taʼminlandi.

Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti tasarrufidagi Toshkent ilmiy tajriba stansiyasi tomonidan asosiy ko‘chat mevali, manzarali va butalar ko‘chatlari yetkazib berilmoqda.

Shuningdek, Agroinspeksiya tomonidan mevali, manzarali daraxt va butalarning urug‘lik materiallari hamda ko‘chatlar, uzum ekish materiallari ishlab chiqaruvchi va realizatsiya qiluvchi korxonalarda urug‘ hamda ko‘chatlarni turli kasalliklarga chalinmaganlik to‘g‘risidagi fitosanitar sertifikati mavjudligi ustidan nazorat olib borilmoqda.

Shunday ekan, ko‘chat o‘tqazish, dehqonchilik qilishdek ezgu ishdan qolmaylik, obodonchilik va farovonlik yo‘lida astoydil harakat qilaylik.

Sh Usubaliyev, «O‘zagroinspeksiya»ning Toshkent viloyat boshqarmasi bosh inspektori

Text to speech