Qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil va sifatli mahsulot yetishtirishning asosiy negizi urug‘likka bog‘liq bo‘lib, sifatli urug‘lik yetkazib berish zamirida urug‘larni yetishtirish, qayta ishlash hamda navdorlik va ekinboplik sifat ko‘rsatgichlarining nazorati alohida ahamiyat kasb etadi.
Shu sababli, 2024-yil g‘alla hosili uchun jamg‘arilgan urug‘liklarni qayta ishlanishini, boshoqli don yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalariga ekish uchun sifatli, dorilangan va sertifikatlangan urug‘lik don yetkazib berish ishlari “Agroinspeksiya”ning Toshkent viloyat boshqarmasi tomonidan muntazam nazorat qilib borilmoqda.
Joriy yilda Toshkent viloyati tumanlarida kelgusi yil hosili uchun viloyatda ekish uchun tavsiya etilgan Alekseyevich, Antonina, Vassa, Grom, Asr, Grut, Tanya va boshqa navlardan 29 ming tonnadan ortiq boshoqli don urug‘liklari jamg‘arildi.
Shundan, “Ohangarondon” AJ tomonidan 6879 tonna “Toshkentdonmahsulotlari” AJ tomonidan 3438 tonna, “Tashkent Best Seeds” MCHJ tomonidan 7100 tonna, “Yuqorichirchiq Best Seeds” MCHJ tomonidan 6587 tonna, “Nurli Diyor” MCHJ tomonidan 1567 tonna, “TST Agro Klaster” tomonidan 3000 tonna va “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” DKning elita urug‘chilik xo‘jaliklari tomonidan 675 tonna urug‘lik don taʼmirlangan va zararkunandalarga qarshi kimyoviy ishlovlar o‘tkazilgan ombor va ayvonlarga qabul qilindi.
2023-yil hosilidan jamg‘arilgan boshoqli don urug‘ligini tayyorlash uchun talab etiladigan kimyoviy preparat, qop, yorliq, ip, yog‘och tagliklar urug‘lik don ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan zaxiralari yaratildi.
Don korxonalari tasarrufidagi urug‘lik ishlab chiqarish sexlarining ishlab chiqarish quvvatiga qarab, urug‘lik don tayyorlash bo‘yicha grafiklar ishlab chiqilib, bugungi kunga qadar urug‘lik donni qayta ishlash sexlari tomonidan 15 yarim ming tonna urug‘liklarda saralash, dorilash va qadoqlash ishlari amalga oshirilgan.
Ushbu tayyor urug‘liklarning salkam 9 ming tonnasiga ekish uchun yaroqliligi bo‘yicha muvofiqlik sertifikatlari olindi.
Viloyatda mavjud urug‘lik don tayyorlash subeʼktlar rahbarlariga urug‘lik don mahsulotlarini qabul qilish, sifatli saqlashda sanitariya qoidalariga va ularni qayta ishlashda davlat standartlariga rioya etish, nobudgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik, don mahsulotlari hisobini yuritish jurnallari, ichki tashish va sotish, boshoqli don urug‘liklarini saqlash yuzasidan tegishli qaror va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ogohlantirish xatlari berildi.
Shuningdek boshoqli don urug‘ligini tayyorlashda “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi, “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” hamda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan har bir urug‘lik don tayyorlash sexlariga masʼul xodimlar biriktirilib, urug‘lik don tayyorlash muntazam nazoratga olingan.
Joriy yilda, inspeksiya tomonidan urug‘liklarning tayyorlanishi yuzasidan don korxona rahbarlari va urug‘lik don ishlab chiqarish sex boshliqlariga 6 ta ogohlantirish xatlari kiritilib, urug‘liklarini qayta ishlash va saqlash qoidalarini buzganligi uchun 4 nafar sex boshlig‘iga nisbatan MjTK tegishli moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etganligi uchun maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilishi taʼminlandi.
Sh. Usubaliyev, “O‘zagroinspeksiya”ning Toshkent viloyat boshqarmasi sho‘ba boshlig‘i