So‘nggi kunlarda yurtimizda, xususan, Samarqand viloyati hududida ham anomal issiq va quruq havo oqimi hukm surmoqda. Jazirama issiqdan nafaqat fuqarolarimiz balki qishloq xo‘jaligi ekinlari xususan, g‘o‘zani ham asrash yuzasidan qator agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda.
Shu maqsadda, “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyati boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan g‘o‘za parvarishida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi yuzasidan nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.
O‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida, jazirama issiq kunlarda g‘o‘za maydonlarida tuproq namligini 80-85 foizda ushlab turish asosan, g‘o‘zani tunda, sharbat usulida sug‘orish, suvni qarovsiz qoldirmaslik, suv resurslaridan oqilona foydalanish, eng muhimi chanqagan maydonlarni nazoratsiz qoldirmaslik kabi dolzarb masalalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shuningdek, inspektorlar tomonidan, fermer xo‘jaliklarida sug‘orishni faqat sharbat usulida tashkil qilish, suvchilar uchun dalaning o‘zida yetarli sharoitlarni yaratib berish hamda har bir paxta maydoni boshida “Dala uylari”ni tashkil etilishini ahvoli alohida nazoratga olindi.
Bundan tashqari, anomal issiq kunlarda g‘o‘zani rivojini to‘xtatmaslik maqsadida g‘o‘zaga asosan tunda karbamid eritmasi, biolstimulyatorlar bilan suspenziya orqali ishlov berish, namlikni saqlash uchun, suvdan keyin yer yetilgach kultivatsiyani kechiktirmasdan, o‘z vaqtida o‘tkazish hamda begona o‘tlardan tozalash ishlari ham inspektorlarimizning alohida nazoratiga olingan.
Xususan, 2021 yil iyun oyi davomida g‘o‘za parvarishida agrotexnik tadbirlar ijrosi yuzasidan jami 230 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, shundan 43 ta holatda qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Aniqlangan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish maqsadida, fermer xo‘jaliklariga 30 ta yozma ko‘rsatmalar va 153 ta ogohlantirishlar berildi, 10 ta maʼmuriy qarorlar qabul qilinib, 19 ta holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun, huquqni muhofaza etuvchi idoralarga taqdim etildi, - deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyati boshqarmasi katta inspektori Bektosh Rahmonqulov.
Maʼlumot o‘rnida: 2021 yil hosili uchun Samarqand viloyatida 75 ming 356 gektar yer maydonida g‘o‘za parvarishlanmoqda. Monitoring natijalariga ko‘ra, ayni kunlarda, 45 ming 588 gektar yerdagi g‘o‘za nihollarida 1-2 ta ko‘sak, 27 ming 77 gektar yerdagi g‘o‘zada 3-4 tadan ko‘sak mavjud.
Agroinspeksiyaning Samarqand viloyati boshqarmasi Matbuot xizmati