Qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil va sifatli mahsulot yetishtirishning asosiy negizi urug‘likka bog‘liq bo‘lib, sifatli urug‘lik yetkazib berish zamirida urug‘larni yetishtirish, qayta ishlash hamda navdorlik va ekinboplik sifat ko‘rsatgichlarini nazorat qilish alohida ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 6 iyuldagi 54-sonli yig‘ilish bayonida kelgusi yil g‘alla hosili uchun sifatli urug‘lik don tayyorlash bo‘yicha "O‘zagroinspeksiya"ga bir qator topshiriqlar berilgan.
Xususan, 2022 yil g‘alla hosili uchun jamg‘arilgan urug‘liklarni qayta ishlanishini va boshoqli don yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalariga ekish uchun sifatli, dorilangan va sertifikatlangan urug‘lik don yetkazib berish ishlarini nazorat qilish vazifasi yuklatilgan.
Shu sababli kelgusi yil hosili uchun boshoqli don ekinlarini optimal muddatlarda ekilishini taʼminlash maqsadida bugungi kunda alohida eʼtibor, urug‘lik donni qayta ishlash sexlarida 2022 yil g‘alla hosili uchun sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha standart talablariga javob beradigan boshoqli don ekinlari urug‘larini belgilangan muddatlarda tayyorlanishini jadallashtirish va tayyorlangan urug‘lik to‘dalaridan belgilangan tartibda namunalar olib, Inspeksiya qoshidagi “Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi” DUK tomonidan ekinboplik sifat ko‘rsatgichlari tahlil qilinib, muvofiqligi to‘g‘risida sertifikatlash hamda sertifikatlangan urug‘liklarni urug‘lik don tarqatish shaxobchalari orqali boshoqli don yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalariga tarqatilishi, o‘z vaqtida ekilishini taʼminlashga qaratilgan bo‘lib, bu borada doimiy nazorat qilib borish tizimli yo‘lga qo‘yilgan.
Jumladan, 2022 yil g‘alla hosili uchun davlat standarti talablariga javob beradigan sifatli urug‘lik tayyorlash ustidan tizimli hamda qatʼiy nazorat o‘rnatish maqsadida, “O‘zdonmahsulot” AK tizimidagi 37 ta don korxonalariga qarashli 60 ta, Agroklasterlar va Elita urug‘chilik xo‘jaliklariga qarashli 7 ta urug‘lik sexlariga Inspeksiyaning hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlari xodimlari biriktirilib, ular tomonidan davlat standarti talabi asosida urug‘lik donni tozalash, saralash, dorilash va saqlash ishlarini kunlik nazorat qilib borilmoqda.
Joriy yilning shu kuniga qadar Respublika bo‘yicha 239 ming 949 tonna yoki rejaga nisbatan 88 foiz urug‘lik don tayyorlangan bo‘lib, 221 ming 576 tonna urug‘lik don to‘dalaridan namunalar olingan va 189 ming 512 tonnasiga muvofiqlik sertifikatlari berilgan.
Shuningdek, ushbu sertifikatlangan urug‘liklarning 171 ming 597 tonnasi boshoqli don yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalariga qulay oraliq masofada tashkil etilgan 184 ta urug‘lik don tarqatish shaxobchalariga chiqarilgan bo‘lib, shundan 50 ming 216 tonna urug‘lik don ekish uchun tarqatilgan.
Hozirda urug‘lik donni qayta ishlash, sertifikatlash va ekish uchun tarqatilishi ustidan kunlik nazorat tadbirlari davom ettirilib borilmoqda.
Inspeksiyaning don ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi