O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 - yil 12 - iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 575-son qarorida Inspeksiyaning asosiy vazifalaridan urug‘chilik xo‘jaliklarini aniqlash ustidan nazorat qilish belgilangan.
Hududlarda urug‘lik don yetishtiruvchi xo‘jaliklarni tanlab olish bo‘yicha xo‘jaliklar o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovlar “super elita, elita va keyingi avlodlarga mansub boshoqli don ekinlari urug‘larini yetishtirish huquqiga ega bo‘lish uchun xo‘jaliklar o‘rtasida tanlov o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom (ro‘yxat raqami 1794-son, 17.04.2008 yil) talablari asosida haqqoniy va adolatli o‘tkazilishi nazorat qilib borildi.
Xususan, hududlarda urug‘lik don yetishtiruvchi xo‘jaliklarni aniqlash bo‘yicha joriy yilda o‘tkaziladigan tanlovlarni to‘g‘ri o‘tkazilishini nazoratga olish maqsadida Inspeksiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar boshqarmalariga 2021 - yil 30 - iyuldagi 01/4-10.2-140-sonli topshiriq xati yuborildi.
Shunga asosan, joriy yilda hududlarda tanlov komissiyalari tomonidan tanlovlarning to‘g‘ri va haqqoniy o‘tkazilishi nazorat qilib borildi. Jumladan, tanlovlarning to‘g‘ri o‘tkazilishi bo‘yicha 161 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilib, 107 ta holatda qonunbuzilishi holatlari aniqlangan.
Shuningdek, nazorat tadbirlari natijasida aniqlangan holatlarning kelgusida takrorlanmasligini oldini olish maqsadida Inspeksiyaning hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlari tomonidan tanlov komissiyalari va tumanlar qishloq xo‘jaligi bo‘limlariga jami 199 ta taʼsir choralari qo‘llanilgan bo‘lib, shundan 40 ta taqdimnomalar, 70 ta yozma ko‘rsatmalar va 89 ta ogohlantirishlar berilgan.
Respublika bo‘yicha kelgusi yil hosilidan urug‘lik don yetishtirish huquqini qo‘lga kiritish uchun tanlovlarda qatnashish maqsadida 2896 nafar xo‘jaliklardan (97 310,9 gektar) talabgor sifatida arizalar topshirilgan bo‘lib, shundan tanlov natijalariga ko‘ra 2 574 nafar xo‘jaliklar (80 831,2 gektar) urug‘lik don yetishtirish huquqini qo‘lga kiritgan va 322 nafar xo‘jaliklar (16 479,7 gektar) turli sabablarga ko‘ra tanlovdan o‘tmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Inspeksiyaning don ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi hamda vertikal tizimidagi inspektorlar tomonidan don ekinlari urug‘lari yetishtirilishi va taʼminoti sohasida qonun va qonunosti hujjatlar talablariga amal qilinishi bo‘yicha nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
Don ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi