Ру Ўз O`z En

Urug‘lik donning dorilanishi va saqlanishi - "O‘zagroinspeksiya" nazoratida

12 Avgust 2022 1350

Sifatli urug‘lik don kelgusi yil mo‘l hosilga erishishda muhim o‘rin tutadi. Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasiga 2023 yil g‘alla hosili uchun jamg‘arilgan urug‘liklarni qayta ishlanishini va boshoqli don yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalariga ekish uchun sifatli, dorilangan va sertifikatlangan urug‘lik don yetkazib berish ishlarini nazorat qilish vazifasi yuklatilgan. Shundan kelib chiqib, “O‘zagroinspeksiyaning Navoiy viloyati boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan ham mazkur yo‘nalishda nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

Maʼlumki, urug‘lik materialni aralashmalardan tozalash turli konstruksiyali urug‘lik qayta ishlash mashinalarida amalga oshiriladi. Bunda don tozalash va saralash mashinalari O‘zDSt 2823:2014 davlat standartining talablariga javob beruvchi va urug‘lik don shikastlanishiga yo‘l qo‘ymaydigan darajada ishlatish lozim.

Navlarning mexanik aralashishining oldini olish maqsadida bir navli, ammo turli avlodga yoki nav tozaligining turli toifalariga mansub urug‘lik materialning bir necha to‘dalariga ishlov berish oldidan avval tozalanayotgan navning tovar donga qabul qilingan to‘dasidan 10 tonna atrofida bir marta tozalangandan so‘ng shneklar, quvurlar, liniya va noriyalar tozalanganligi to‘g‘risida Agroinspeksiya hamda urug‘lik tayyorlovchi tashkilot mutaxassislari ishtirokida dalolatnoma tuziladi va jurnalga qayd qilinadi. Shundan keyin yuqori avlodli, keyin esa past avlodli urug‘liklarga ishlov beriladi.

Boshoqli don urug‘lari ekishga tayyorlashdan oldin kimyoviy preparatlar bilan dorilanadi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan tavsiya etilgan urug‘ dorilagichlardan foydalaniladi.

Maʼlumot o‘rnida qayd etish joiz, viloyatda 2023 yil hosili uchun 92 ta urug‘lik g‘alla yetishtiruvchi xo‘jaliklar tomonidan 10 244 tonna sara urug‘ don qabul qilib olindi. Jumladan, “Navoiydonmahsulotlari” aksiyadorlik jamiyatining 1 va 2-urug‘lik tayyorlash sexlariga 9 808 tonna hamda “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” davlat korxonasi tasarrufida tashkil qilingan “Navoiy Best Seeds” masʼuliyati cheklangan jamiyatida 435 tonna urug‘lik don to‘plandi. Hozirgi kunda “Navoiydonmahsulotlari” AJ ning 1 va 2-urug‘lik tayyorlash sexlarida urug‘lik yetishtiruvchi xo‘jaliklardan qabul qilingan urug‘lik boshoqli donni saralab, tozalab, dorilash ishlari boshlangan.

Bugungi kun holatiga 2 684 tonna urug‘lik don standart talablari asosida tozalanib, dorilanib, qadoqlash ishlari amalga oshirildi. Ayni jarayonlarning kamchiliklarsiz va sifatli tashkil etilishi Agroinspeksiya viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari xodimlari nazorati ostida olib borilmoqda.

Dorilanayotgan urug‘lik to‘dalari tozalangan, saralangan, ekinboplik sifat ko‘rsatkichlari amaldagi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talabi darajasida bo‘lishi kerak,- deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi bosh inspektori Asqar Mirzoyev.- Boshoqli don urug‘larini purkab dorilash moslamalari yaxshi va bir tekisda ishlashi taʼminlanishi zarur. Shuningdek, dorilangan boshoqli don urug‘lari qoplangandan keyin 7-10 kun muddatda omborlarda saqlanishi shart. Bundan tashqari, dorilangan boshoqli don urug‘lari qadoqlanayotgan qoplar kimyoviy vositalar o‘tkazmaydigan mustahkam sifatli materiallardan tayyorlanishi, ortish va tushirish paytida chidamli bo‘lishi hamda qoplar og‘zini tikish ishlarini mexanik ravishda amalga oshirish talab etiladi. Dorilangan urug‘lik don qoplariga “Zaharli modda bilan dorilangan” ogohlantiruvchi so‘zlari qizil rangda aniq aks ettirilgan holda yozilishi shart.

Qoplangan urug‘lik don GOST 14192 bo‘yicha belgilanadi, har bir qop ustiga yorliq yopishtiriladi.

O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan urug‘lik sexlarida mazkur talablarga rioya etilishi ustidan doimiy monitoringlar tashkil etib kelinmoqda. Urug‘lik donning sifatli tozalanishi, saralanishi va dorilanib qadoqlanishiga asosiy eʼtibor qaratilgan. Shu bilan birga aniqlangan kamchiliklarni vaqtida bartaraf etish choralari ham ko‘rib borilmoqda.

 

Zulfiya Boboyeva, “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi matbuot xizmati rahbari

Text to speech