Ру Ўз O`z En

URUG‘LIK PAXTA MAYDONI APROBATSIYASI – KELGUSI YIL HOSILI UCHUN MUHIM TADBIR

10 Avgust 2021 2424

Maʼlumki, Respublikamizda paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarini kelgusi yilda yuqori hosilli hamda navdor urug‘lik chigit bilan uzluksiz taʼminlab borish maqsadida har yili urug‘lik paxta maydonlarida g‘o‘za aprobatsiya tadbiri o‘tkaziladi.

G‘o‘za aprobatsiyasi navlarning elita hamda keyingi avlodga mansub maydonlarida navning haqiqiy nav tozaligi (navdorligi), nav aralashmalari, o‘simliklarning kasallik va zararkunandalar bilan zararlanganlik darajasi hamda kutilayotgan umumiy paxta hosili, urug‘lik paxta miqdori va undan olinishi kutilayotgan urug‘lik chigit miqdorini aniqlab berishi bilan muhim tadbir hisoblanadi.

Navoiy viloyatida ham urug‘lik paxta maydonlarida aprobatsiya tadbirlarini belgilangan muddatlarda va sifatli o‘tkazish maqsadida paxtachilikka ixtisoslashgan hududlar, xususan, Navbahor, Karmana, Qiziltepa va Xatirchi tumanlarida 2021 - yil mavsumida urug‘lik yetishtirish maqsadida ekilgan g‘o‘za maydonlarida dala aprobatsiyasini o‘tkazish va sifatli urug‘lik jamg‘arilishiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminarlar bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, viloyatdagi paxta to‘qimachilik klaster korxonalari, tumandagi “Elita urug‘chilik xo‘jaligi” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbar va mutaxassislari, tumandagi urug‘lik paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari, bosh aprobator va aprobatsiya komissiyasi aʼzolari, shuningdek, ushbu tadbirning to‘g‘ri va xolisona o‘tkazilishini muntazam nazorat qilib borish maqsadida “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasining rahbari va inspektorlari ishtirok etdi.

Joylarda bo‘lib o‘tgan seminarlarda urug‘chilik xo‘jaliklarida g‘o‘za agrotexnikasi va bugungi kunda olib borilayotgan tadbirlar, shuningdek, aprobatsiyaning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tildi. Shu o‘rinda qayd etish joizki, viloyatdagi urug‘chilik fermer xo‘jaliklari soni 133 tani tashkil qilib, 4 313 gektarni maydonda g‘o‘za parvarishi olib borilmoqda.

Aprobatsiya seminar davomida urug‘lik maydonlari to‘liq mineral o‘g‘it bilan 3 marta oziqlantirilgani, 3 marta to‘liq sug‘orilganligi va 7-8 marta kultivatsiya ishlari hamda urug‘lik paxta maydonlarida esa chilpish ishlari amalga oshirilgani qayd etib o‘tildi. Shuningdek, aprobatsiyaning to‘g‘ri, xolisona va o‘z muddatlarida o‘tkazilishi Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi inspektorlari nazoratida bo‘lishi taʼkidlandi.

- Barcha aprobatsiya qilingan maydonlarda g‘o‘za nihollarning vertitsillyoz yoki fuzarioz vilt va gommoz bilan zararlanganlik darajasi aniqlanadi hamda dala guruhlariga ajratiladi va dala guruhlariga ajratilgan maydonlardan terilgan urug‘lik paxta xom-ashyosi alohida jamg‘ariladi, - deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi bosh inspektori Abbos Rizoqulov, – shuningdek, begona nav aralashmalari hamda begona o‘tlardan tozalangani ko‘zdan kechiriladi. Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan aprobatsiyaning nechog‘lik sifatli o‘tkazilishi nazorat qilib boriladi.

Navbahor tumanidagi “Safo-sevdi” fermer xo‘jaligida tashkil etilgan mazkur seminar doirasida urug‘lik paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jalik rahbarlariga g‘o‘za aprobatsiyasining sifatli o‘tkazishda alohida ahamiyat qaratish lozim bo‘lgan jihatlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Bu borada fermer va dehqonlarga atroflicha maslahat va tavsiyalar berildi.

- Fermer xo‘jaligimizning paxta maydonlarining 40 gektarida urug‘lik paxta yetishtirish maqsadida Buxoro-102 navining “Elita” avlodiga mansub urug‘lik chigit ekkan edik, - deydi fermer xo‘jalik raisi Sevdiyor Rustamov, - hozirda urug‘lik paxta maydonidagi bir tup g‘o‘za niholi 12-13 tagacha shona qilgan hosil qilgan, ko‘sak son esa 15 tadan 38 tagacha yetgan. Nav tozaligini amaldagi davlat standarti talabiga yetkazish maqsadida begona nav aralashmasidan tozalashga alohida ahamiyat qaratganmiz. G‘o‘za aprobatsiyasining tez kunlarda va talab darajasida o‘tkazilishiga mutasaddi tashkilotlar bilan kelishib olganmiz.

Maʼlumot o‘rnida keltirish lozim, viloyatda urug‘lik paxta maydoni aprobatsiyasi 5 - avgustdan boshlanib, 20 - avgustda yakunlanishi rejalashtirilgan.

 

 “O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi

 matbuot xizmati 

Text to speech