Davlat rahbarining “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligini yana-da rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining tuproq unumdorligi yuqori, suv taʼminoti yaxshi bo‘lgan 200 ming gektar sug‘oriladigan yerlarida qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini yetishtirishga ixtisoslashtirilgan hududlarda tanlov asosida uzoq muddatga urug‘chilik xo‘jaliklari tanlanishini hamda har yili qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklari joylashtirilishini taʼminlash vazifasi belgilangan.
Shunga muvofiq, hududlarda urug‘lik paxta yetishtirish vakolatiga ega bo‘lish uchun tanlovlar asosida 3163 ta xo‘jaliklar ro‘yxati shakllantirildi. Shuningdek, 2022 hosil yilida original va elita avlodiga mansub urug‘lik paxta yetishtirishga ixtisoslashgan masʼuliyati cheklangan jamiyat sifatida faoliyat yurituvchi 52 ta elita urug‘chilik xo‘jaliklari hamda ilmiy tadqiqot institutlarining 18 ta ilmiy tajriba stansiyalarida yangi navlarning urug‘ini dastlabki ko‘paytirish yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunda, Respublika bo‘yicha tanlovdan o‘tgan jami 3 ming 163 nafar fermer xo‘jaligidagi 102 ming 311 gektar maydonlarda ertapishar, o‘rtapishar va ingichka tolali g‘o‘za navlaridan urug‘lik paxta yetishtirish maqsadida agrotexnik tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ayni paytda dalalarda unib chiqqan urug‘lik paxta maydonlarining qator oralariga ishlov berish, chopiq qilish va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish kabi kechiktirib bo‘lmaydigan agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Respublika bo‘yicha urug‘lik paxta maydonlarining 5 ming 799 gektari (yoki 6 %) 1-2 chinbarg, 33 ming 169 gektari (yoki 33 %) 3-4 chinbarg, 63 ming 342 gektar (yoki 63 %) 5-6 chinbarg fazalarida rivojlanmoqda.
Maʼlumki, qator orasiga birinchi ishlov berish ishlarini o‘z vaqtida bajarilishi tuproq g‘ovakligini va uning pastki qatlamlariga issiq havo kirishini taʼminlashi bilan ahamiyatlidir. Respublika bo‘yicha urug‘lik maydonlarida birinchi ishlov berish va chopiq qilish ishlari 102 ming 311 gektar maydonda yoki 100 foiz amalga oshirilgan.
Yana bir jihat, urug‘lik g‘o‘za maydonlari parvarishida chuqur yumshatish ishlari talab darajasida o‘tkazilishi ertaki va mo‘l hosil yetishtirishda juda muhim ahamiyat kasb etadi. Agroinspeksiyaning viloyat boshqarmalari va tuman bo‘limi inspektorlari tomonidan g‘o‘za qator oralariga chuqur yumshatgich bilan ishlov berish ishlari ham nazoratga olingan.
Respublika bo‘yicha mavsum boshidan buyon 77 ming 528 gektar yoki 77 foiz urug‘lik maydonlarda chuqur yumshatish ishlari amalga oshirilgan.
Shuningdek, agrotexnika qoidalarining qo‘pol ravishda buzilishi bo‘yicha aniqlangan kamchilikni bartaraf etish yuzasidan tegishli xo‘jaliklar rahbarlariga ogohlantirishlar kiritilishi taʼminlanmoqda.
“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmalari va tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirilishi yuzasidan profilaktika tadbirlari muntazam ravishda olib borilmoqda.
N.Ismailov — Urug‘lik paxta xom ashyosi chigiti yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i
B.Usmonov — Urug‘lik paxta xom ashyosi chigiti yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi katta inspektori