"O‘zagroinspeksiya" tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatning Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarga ko‘ra va tegishli Nizom talablari asosida urug‘lik yetishtirishga ixtisoslashtirilgan hududlarda o‘tkazilgan tanlovlar natijalari tahlillar asosida o‘rganildi.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2022 yil 1 yanvardan boshlab 100 ming gektar maydonda urug‘lik paxta xom ashyosi yetishtirish belgilangan bo‘lib, ushbu huquqqa ega bo‘lish uchun 4035 nafar talabgorlarning 152 ming 952 gektar maydoni tanlovlarda ishtirok etdi.
Hududlarda tuman hokimliklari tomonidan tasdiqlangan tanlovlarni o‘tkazuvchi tuman ishchi guruhlari tomonidan 3329 nafar subyektlarning 100,2 ming gektar maydoni g‘olib deb topilib, bitta subyektning o‘rtacha ekin maydoni 30,1 gektarni tashkil qildi.
Shuningdek, tanlovda talabgor sifatida ishtirok etgan 706 nafar subyektlarning 47 ming 273 gektar maydoni turli sabablarga ko‘ra urug‘lik yetishtirish huquqiga ega bo‘lishmadi.
Inspeksiya tomonidan tender tanlovlarining qonunchilikda belgilangan tartib tamoyillar bo‘yicha, adolatli, ochiq va shaffof holatda belgilangan muddatlarda o‘tkazilishi o‘rganilganda, tanlov o‘tkazuvchi ishchi guruhlari tomonidan bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Xususan, 62 ta holatda tanlovlarning belgilangan muddatlarda o‘tkazilmaganligi, 306 ta holatda talabgorlarni baholash mezonlariga rioya qilinmaganligi, 209 ta holatda tanlovlarga taqdim etilgan hujjatlarning to‘liq emasligi aniqlandi. Shuningdek, Hukumatning 641-sonli qarori 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomning 5-bandida tanlov ishchi guruhi tomonidan talabgorlar to‘g‘risida maʼlumotlarni to‘plash uchun O‘simliklar karantini va himoyasi tuman bo‘limiga, tuman irrigatsiya bo‘limiga, tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining tuman bo‘limiga, tuman (Quvasoy shahri) qishloq xo‘jaligi bo‘limiga so‘rovnoma yuborishi belgilangan bo‘lsada, 70 ta holatda mazkur talablarga rioya qilinmagan holda 697 nafar talabgorlar tanlab olingan.
Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 13 ta holatda 345 ta talabgor, Jizzaxda 5 ta holatda 35 ta talabgor, Samarqandda 35 ta holatda 193 ta talabgor, Sirdaryoda 6 ta holatda 23 ta talabgor, Farg‘onada 5 ta holatda 5 ta talabgor va Toshkent viloyatida 6 ta holatda 96 ta talabgorlarning imkoniyatlari tanlov ishchi guruhi tomonidan berilgan so‘rovnomaga asosan baholanmasdan, ushbu talablar qo‘pol ravishda buzilgan.
Bundan tashqari, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan qaror bilan tasdiqlangan nizomning 13-bandida tanlovda ishtirok etgan urug‘lik yetishtiruvchi subyektning ekin maydoni ko‘rsatilgan holda ularning to‘plagan balli bo‘yicha eng yuqori balldan boshlab eng past ballgacha talabgorlar ro‘yxati shakllantirilishi belgilangan. Mazkur ro‘yxatda eng yuqori ball to‘plagan urug‘lik yetishtiruvchi subyektdan boshlab tumanda urug‘lik uchun ekiladigan paxta xom ashyosi yoki boshoqli don ekinlari maydoni qamrab olingungacha bo‘lgan urug‘lik yetishtiruvchi subyektlar tanlov g‘olibi deb topilishi belgilangan bo‘lsada, 244 nafar fermer xo‘jaliklarining 11 ming 737 gektar maydoni ushbu talabga rioya qilinmagan holda tanlov g‘olibi deb eʼtirof etilgan. Xususan, bu kabi holat Qoraqalpog‘iston Respublikasida 144 nafar fermer xo‘jaligining 5 ming 796 gektarida, Toshkent viloyatida 97 nafar fermer xo‘jaligining 5 ming 855 gektarida, Farg‘ona viloyatida 3 nafar fermer xo‘jaligining 86,2 gektarida kuzatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan boshlab hududlarni yuqori avlodli urug‘liklar yetishtirishga ixtisoslashtirish tizimini joriy etish belgilangan bo‘lib, tegishli vazirliklar va viloyatlar hokimliklariga ixtisoslashtirilgan hududlarda tanlov asosida uzoq muddatga urug‘chilik xo‘jaliklarining tanlanishi topshirilgan. Shundan kelib chiqib, olib borilgan o‘rganishlar davomida mazkur qarorning ayrim bandlarini qo‘pol ravishda buzish holatlari ham aniqlandi. Xususan, urug‘lik yetishtirishga ixtisoslashtirilmagan hududlardan jami 29 nafar fermer xo‘jaliklarining 1 ming 392,3 gektar maydonlari tanlab olingan.
Yuqorida aniqlangan holatlar va kamchiliklar yuzasidan Inspeksiyaning quyi tizimlari tomonidan tegishli tartibda taʼsir choralari ko‘rilib, tanlov ishchi guruhlariga 90 ta taqdimnomalar, 102 ta bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar kiritilishi taʼminlandi va 1 ta holatda to‘plangan materiallar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar (Prokuratura) ga yuborildi.
Endilikda inspektorlar tomonidan urug‘lik paxta maydonlarida g‘o‘za navlarining joylashtirilishi va agrotexnik tadbirlarning o‘z muddatlarida o‘tkazilishi yuzasidan nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
N.Ismailov - "O‘zagroinspeksiya"ning Urug‘lik paxta xom ashyosi chigiti yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i
M.Kurbanbayev - "O‘zagroinspeksiya"ning Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i