Ру Ўз O`z En

Urug‘lik paxta yetishtirish uchun ekilgan g‘o‘za maydonlari aprobatsiyadan o‘tkazilmoqda

14 Avgust 2021 2847

Maʼlumki, Respublikamizda paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarini kelgusi yilda yuqori hosilli hamda navdor urug‘lik chigit bilan uzluksiz taʼminlab borish maqsadida har yili urug‘lik paxta maydonlarida g‘o‘za aprobatsiya tadbiri o‘tkaziladi.

G‘o‘za aprobatsiyasi navlarning elita hamda keyingi avlodga mansub maydonlarida navning haqiqiy nav tozaligi, nav aralashmalari, o‘simliklarning kasallik va zararkunandalar bilan zararlanganlik darajasi hamda kutilayotgan umumiy paxta hosili, urug‘lik paxta miqdori va undan olinishi kutilayotgan urug‘lik chigit miqdorini aniqlab berishi bilan muhim tadbir hisoblanadi.

Shunga ko‘ra, Sirdaryo viloyatida joriy yilning 1 - avgustidan 20 - avgustigacha urug‘lik ekilgan paxta maydonlarida aprobatsiya o‘tkazish belgilab olindi.

Xususan, viloyatdagi urug‘chilik fermer xo‘jaliklari soni 211 tani tashkil qilib, 6 201 gektar maydonda g‘o‘za parvarishi olib borilmoqda.

Shuningdek, aprobatsiya o‘tkazish ishchi guruhi tomonidan joriy yilning 11 - avgust kuniga qadar jami 3 387 gektar urug‘lik ekilgan yer maydoni aprobatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lib, shundan 643 gektari yaroqsiz deb topilgan. Urug‘lik paxta yetishtirayotgan 118 ta fermer xo‘jaligining jami 3 144 gektar yer maydoni urug‘lik talablariga mos kelishi yuzasidan tegishli xulosalar berilgan.

 Bugungi kunda urug‘lik maydonlari to‘liq mineral o‘g‘it bilan 3 martadan oziqlantirilib, sug‘orilgan, 7-8 marta kultivatsiya tadbirlari va avlodli urug‘lik yetishtiriladigan maydonlarda chilpish ishlari amalga oshirilgan.

Aprobatsiyaning to‘g‘ri, xolisona va o‘z muddatlarida o‘tkazilishi Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limi xodimlari tomonidan doimiy nazoratga olingan.

Aprobatsiya jarayonida urug‘lik maydonlarida kutilayotgan yalpi hosil, urug‘lik paxta miqdori, nav tozaligi, kasalliklar bilan zararlanish darajasi aniqlanadi va nav tozaligini amaldagi davlat standarti talabiga yetkazish maqsadida begona nav aralashmasidan tozalashga alohida ahamiyat qaratganmiz, - deydi «O‘zagroinspeksiya»ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishi va taʼminotini nazorat qilish bo‘lmi” katta inspektori Baxtiyor Salimov.

Shuni aytib o‘tish kerakki, hosil salmog‘i nav sifatiga bog‘liq. Demak, parvarishlanayotgan urug‘lik paxtani aprobatsiyasini to‘g‘ri o‘tkazish kelgusi yil hosiliga zamin yaratadi.

 

 “O‘zagroinspeksiyaning Sirdaryo viloyat boshqarmasi axborot xizmati. 

 

Text to speech