Bugungi kunda, dunyoning 156 mamlakatida yiliga o‘rtacha 377 million tonnaga yaqin kartoshka yetishtiriladi. Kartoshka mahsulotini Xitoy, Hindiston, AQSH, Germaniya, Bangladesh, Rossiya, Polsha, Fransiya va Niderlandiya eng yetakchi ishlab chiqaruvchilari hisoblanib, O‘zbekiston bu ro‘yxatda 23-o‘rinni egallaydi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda kartoshka urug‘chiligini rivojlantirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilib, jami talab qilinadigan urug‘likni 90-95 foizi respublikamizda faoliyat olib borayotgan qishloq xo‘jalik subyektlari tomonidan yetishtiriladi.
Jumladan, Namangan viloyati dehqonlari ham ushbu sohani rivojlantirishga katta eʼtibor qaratmoqdalar.
Xususan, kartoshka ekish uchun mo‘ljallangan ekin maydonining kamida 50 foizida super elita, elita va R-1 avlodli urug‘liklar yetishtirish yo‘lga qo‘yilib, mahalliy sharoitda urug‘lik yetishtirish hisobiga chet eldan xorijiy urug‘liklarni harid qilish keskin kamayishiga erishish hisobiga, soha jadal rivojlantirilmoqda.
Viloyatning kartoshkachilikka ixtisoslashgan tog‘oldi hududi hisoblangan Yangiqo‘rg‘on tumanida asosiy ekin sifatida ekilgan 3 ming 80 gektarga yaqin maydonda hosil yig‘ishtirib olingan bo‘lsa, 690 gektar g‘alladan bo‘shagan maydonlarda takroriy ekin sifatida ekilgan kartoshka pishib yetilish arafasida.
Ayni kunlarda “O‘zagroinspeksiya”ning tuman bo‘limi, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi va Urug‘chilikni rivojlantirish markazining Namangan viloyat boshqarmasi mutaxassislari hamkorligida urug‘lik uchun ekilgan katroshka maydonlarida aprobatsiya ishlari olib borilmoqda.
Bunda, o‘simlikning kasalliklarga chidamliligi, navdorligi, hosildorligi, mahalliy iqlim sharoitiga moslashuvchanligi kabi ko‘rsatkichlar bo‘yicha tahlil qilinyapti.
Shuningdek, erta bahorda fermer xo‘jaliklar va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga sertifikatlangan sara urug‘lik yetkazib berishdan tortib zarur agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish jarayonlarni tuman inspektorlari tomonidan doimiy nazoratga olingan.
Inspeksiyaning tuman bo‘limi tomonidan yetishtirilayotgan urug‘likning navdorligini taʼminlash maqsadida, joriy yil kartoshkachilik bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaliklarga, sohaga masʼul bo‘lgan mutasaddi idoralarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, agrotexnika qoidalariga qatʼiy amal qilish borasida 3 ta taqdimnoma, 8 ta yozma ko‘rsatma hamda 93 ta ogohlantirish berildi, -deydi biz bilan suhbatda inspeksiyaning tuman bo‘limi katta inspektori B. Yo‘ldoshev.
Tumanning “Iskovot” agrofirmasi hududidagi “Qayumov Nuriddin Madrahimovich” fermer xo‘jaligining 7 gektar maydonida super elita avlodiga mansub “Konstansa” navli kartoshka ekilgan bo‘lib, ushbu maydonlarda aprobatsiya ko‘rigini o‘tkazish jarayonida, ekinlar agrotexnik talablarga rioya etilgan holda parvarishlanayotgani, urug‘chilik bo‘yicha davlat standarti talablariga javob berishi, hosildorligi dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra o‘rtacha har gektaridan 240-250 sentnerni tashkil etishi aniqlandi.
Kartoshka urug‘chilik sohasining salohiyatini oshirish, kelgusida yana-da yuqori, barqaror hamda sifatli mahsulot yetishtirishga va aholini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsuloti bilan taʼminlashga ham xizmat qiladi.
Sara urug‘ – mo‘l hosil, deganlaridek, kartoshkachilikning innovatsion usullar va zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirilishi aholimiz dasturxonida “ikkinchi non”ning to‘kin bo‘lishiga mustahkam zamin yaratadi.
M.Qurbonboyev, “O‘zagroinspeksiya” boshqarma boshlig‘i,
X.Mahmudov, bo‘lim boshlig‘i
Z. Ismatov, bosh inspektori