Ру Ўз O`z En

G‘o‘za agrotexnikasini noto‘g‘ri bajargan klaster va fermer xo‘jaligi rahbarlariga ogohlantirishlar berildi

19 Iyul 2024 514

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari mutaxassislari tomonidan joylardagi g‘o‘za maydonlarida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi ustidan monitoring tadbirlari olib borilmoqda.

Viloyatda bugungi kunda, 19 ta paxta klasterlari hamda 6 ming 358 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan jami 133 ming 050 gektar, shundan, 13 ming 317 gektar xorijiy navlar ekilgan bo‘lib, qolgan 119 ming 733 gektar maydonlarga esa mahalliy navlar parvarishlanmoqda.

Ayni vaqtda g‘o‘za maydonlarning 39 ming 972 gektari (30%) “1-2 ko‘sak”, 46 ming  412 gektari (34,9%) “3-4 ko‘sak”, 46 ming 666 gektari (35.1%) “5-6 ko‘sak” fazasida rivojlanmoqda.

Viloyatda mavjud jami 2 ming 357 dona kultivatorlardan, 1 ming 999 ta kultivatorlar kultivatsiya ishlariga jalb qilingan bo‘lib, bugungi kungacha 6,2 martadan ziyod yer maydonidagi g‘o‘zaga ishlov berildi, 3-oziqlantirish ishlari 81 ming 495 gektar (61,3%) maydonlarda amalga oshirildi, shuningdek, g‘o‘za maydonlarida 126 ming 203 gektar 1-sug‘orish (94,9%), 28 ming 54 gektar (21,1%) 2-sug‘orish ishlari bajarilgan, 18 ming 341 gektar (13,8%) maydonda chilpish ishlari amalga oshirilgan.

Kultivatorlarning hosil elementlariga zarar yetkazmasligini taʼminlash maqsadida ishchi organlarini “baliq sirti” qilib o‘rash yuzasidan O‘zagroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari mutaxassislari tomonidan monitoring-tahlil tadbirlari o‘tkazilmoqda. 

“Ushbu agrotexnik tadbirning muhimligi shundaki, kultivatorlar ishchi organlarini “baliq sirti” qilib o‘rash g‘o‘za hosilini mexanik taʼsir natijasida to‘kilishdan himoya qiladi.  Kultivatorlar ishchi organlari “baliq sirti” qilib o‘ralib, chopiq traktorining old va orqa g‘ildiraklari oldiga maxsus yo‘naltirgichlar (obtekatellar) o‘rnatiladi.  

Ishchi organlarning o‘rnatilgan soni, ularning joylashuv sxemasi, g‘o‘za qator oralig‘ining kengligi va chuqurligi bo‘yicha rostlanishi muhim ahamiyat kasb etadi va g‘o‘za hosil elementlarini rivojlantiradi.

Muhim agrotexnik tadbir hisoblangan kultivatsiya yoki g‘o‘za nihollarini bo‘g‘izini yumshatish ishlarini o‘z vaqtida bajarilmasa, jo‘yak yuzalari yorilib, g‘o‘za yon tomirlarining uzilishiga olib keladi. Kultivatorlarning yaroqsiz ishchi organlari o‘z vaqtida almashtirilmasa va ishchi organlar “baliq sirti” qilib o‘ralmasa, g‘o‘za ko‘chatidagi rivojlangan gul, shona va ko‘raklar, o‘ralmasdan ochiq qolgan kultivatorning ramasiga, bolt va boshqa qismlariga urilib nobud bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, g‘o‘za hosil elementlarining rivojlanishiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi.

"O‘zagroinspeksiya"ning viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari mutaxassislari tomonidan g‘o‘za parvarishida agrotexnik tadbirlarning bajarilishi ustidan doimiy monitoring olib borilib, g‘o‘za parvarishiga masʼul soha mutasaddilariga nisbatan 31 ta taqdimnoma va klaster hamda fermer xo‘jalik rahbarlariga 2 ming 116 ta ogohlantirish xatlari berildi.

O‘zagroinspeksiyaning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi matbuot xizmati

Text to speech