Ру Ўз O`z En

Xatirchi tumanida g‘o‘za agrotexnikasidagi kamchiliklar bartaraf etilmoqda

11 Avgust 2022 1113

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi Xatirchi tuman bo‘limi tomonidan qishloq xo‘jaligining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.

Ayniqsa, g‘o‘za parvarishida eʼlon qilingan “Dolzarb 30 kunlik” davrda tumanda g‘o‘za agrotexinkasi tadbirlarini sifatli o‘tkazishga yana-da ko‘proq eʼtibor qaratildi. G‘o‘za qator oralariga ishlov berish, har gektariga 5 tonnadan mahalliy o‘g‘it chiqarish, tungi sug‘orishda “sharbat” bilan suv taratish va boshqalar yuzasidan Agroinspeksiya xodimlari tomonidan kechayu kunduz monitoring tadbirlari tashkil etildi.

Raqamlarga murojaat qilsak, joriy yil tuman bo‘yicha 10 465 gektar maydonda g‘o‘za parvarish qilinib, kultivatsiya ishlarini amalga oshirish uchun 207 ta kultivatorlar ishtirok etib 10 marta g‘o‘za qator oralariga ishlovlar o‘tkazildi.

Shu bilan birga bugungi kunda tumanda g‘o‘zani chilpish ishlari to‘liq yakunlandi hamda 2 472 gektar g‘o‘za maydonida 4-sug‘orish ishlari bajarildi.

Inspeksiya tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida g‘o‘za agrotexnikasi yuzasidan kamchilik va xatolarga yo‘l qo‘ygan fermer xo‘jalik rahbarlariga ogohlantirish xatlari va bajarilishi shart bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berildi.

Xususan, mavsum boshidan buyon tumanda parvarish qilinayotgan g‘o‘za maydonida nazorat tadbirlari o‘tkazilib, 106 nafar fermerning 778 gektar paxta maydonida kultivatsiyani sifatsiz o‘tkazish, rivojdan orqada qolish, kimyoviy va biologik ishlov o‘tkazilmagani kabi turli kamchilik va xatolar aniqlandi.

Mazkur holatlar bo‘yicha fermer xo‘jalik rahbarlariga 23 ta ogohlantirish xati va 25 ta yozma ko‘rsatma berildi. Bundan tashqari tegishli tashkilot va hokimliklarga 3 ta taqdimnoma kiritildi. 

Maʼlumot o‘rnida keltirish joiz, o‘tgan iyul oyida Inspeksiyaning tuman bo‘limi tomonidan 56 ta nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Shundan 6 tasini tekshirish, 50 tasini monitoringlar tashkil etadi.

Nazorat tadbirlari davomida 78 ta qonunbuzilish aniqlanib, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan bajarilishi shart bo‘lgan 71 ta yozma ko‘rsatma va 7 ta ogohlantirish xatlari berildi.

Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan 6 ta maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, qonuniy qaror qabul qilish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilishi taʼminlandi.

 

Zulfiya Boboyeva, “O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot xizmati rahbari

Text to speech