Ру Ўз O`z En

XORAZMDA DON QABUL QILISH VA QAYTA ISHLASH KORXONALARI MAVSUMGA TAYYOR

9 Iyun 2021 2135

Don - xalqimizning rizq-ro‘zi, farovonlik omili sanaladi. Shu bois urug‘ qadashdan tortib toki pishib yetilgan donni qabul qilish shoxobchalariga yetkazish va saqlashgacha bo‘lgan jarayonning sifatli kechishi muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8 sentyabrdagi “2021 yilda boshoqli don yetishtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 546-son qaroriga asosan “O‘zagroinspeksiya” Xorazm viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan ham bu bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rib kelinmoqda.

Boshoqli don yetishtirishda hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib yer maydonlarining zarur miqdordagi fosforli va kaliyli mineral o‘g‘itlar bilan sifatli tayyorlanishini, mineral o‘g‘itlar va yonilg‘i-moylash mahsulotlari o‘z vaqtida hamda to‘liq yetkazib berilishini, belgilangan muddatlarda ekilishini va agrotexnik tadbirlar sifatli amalga oshirilishini tashkil etib, nazorat tadbirlarini o‘tkazib kelmoqda.  

 “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi viloyatdagi 4 ta korxona 2021 yil g‘alla hosilidan davlat ehtiyojlari uchun jami 78 ming 352 tonna don qabul qilib olishi (70052 tonna tovar don, 8300 tonna urug‘lik don) rejalashtirilgan. Ayni paytda ushbu korxonalar va ularga qarashli 4 ta qabul qilish shoxobchasini mavsumga tayyorlash ishlari to‘liq yakunlangan. 

Mavsumda don qabul qilishda ishlatiladigan avtomobil tarozilari va yuklab-tushirish uskunalarining sozligi, don saqlash omborlarining mavsumga tayyorligi, korxonalar hududidagi asfalt maydonlarining taʼmirlanganligi laboratoriyalarning o‘lchov vositalari hamda sinov uskunalari davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilganligi muhim ahamiyatga egadir.  

Ushbu  ishlarning qay tarzda amalga oshirilganligi yuzasidan, viloyatdagi korxonalarda “O‘zagroinspeksiya” inspektorlari tomonidan 2021 yil g‘alla qabul qilish mavsumiga tayyorgarlik yuzasidan nazorat tadbirlari o‘tkazilib, bir qator yozma ko‘rsatmalar berildi va ijrosi nazoratga olindi.

"O‘zagroinspeksiya" Xorazm viloyati boshqarmasi Axborot xizmati

Text to speech