Respublikada sug‘oriladigan yerlardan unumli foydalanish, kelgusida kartoshkachilikni rivojlantirish, xorijiy ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish, kartoshka urug‘chiligini rivojlantirish maqsadida zamonaviy, resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish, sifatli urug‘likning kafolatlangan hajmlari asosida ichki bozor narxlarining barqarorligini taʼminlash, kartoshka yetishtirishni ko‘paytirish, shuningdek, xorijiy texnologiya asosida mahalliy kartoshka urug‘chiligini rivojlantirish, kartoshka yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklari yer maydonlarida urug‘lik kartoshkani joylashtirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Maʼlumki, kartoshka salqin, sernam tog‘oldi hududlarida yaxshi hosil beradi. Yangiqo‘rg‘on azaldan tuproq, iqlimi sharoiti tufayli ushbu ekin uchun qulayligi bois urug‘lik kartoshka yetishtirishga ixtisoslashtirilgan edi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Namangan viloyat. Yangiqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 maydagi “Respublikada kartoshka yetishtirishni kengaytirish va urug‘chiligini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 martdagi “Mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish va 2021 yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish to‘g‘risida”gi qarorlari talablarining ijrosi nazoratga olingan.
Maʼlumot o‘rnida aytish lozim, bugungi kunda tumandagi 382 nafar fermer xo‘jaligida 1345 gektar asosiy va 400 gektar bog‘-tok qator oralarida kartoshka ekini ekilib parvarishlanmoqda. Ekilgan kartoshka maydonlarining qariyb 70 foiz qismi gullash fazasida rivojlanmoqda. Bundan tashqari tumanda 2021 yil hosilidan g‘alladan bo‘shaydigan maydonlarning 721 gektar qismiga takroriy ekin sifatida kartoshka ekilishi rejalashtirilgan.
“Yangiqo‘rg‘on kartoshka urug‘ laboratoriyasi” MCHJ taʼsischiligi asosida Gollandiya davlati “Agrico” kompaniyasi taʼminotchi sifatida takroriy maydonlarga kartoshka ekini ekilishi uchun kartoshkaning elita va yuqori avlodlariga mansub kartoshka urug‘liklari bilan taʼminlash rejalashtirilgan. Shunga ko‘ra “Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi” DUK sertifikati asosida kartoshkaning “Arizona” va “Konstanta” navli urug‘liklaridan 115 tonnasi tumanga keltirilib muzlatkich omborxonalarda tegishli tartibda saqlanmoqda hamda yana olib kelish ishlari davom etmoqda.
Urug‘lik kartoshka muzlatgichli omborxonalarda saqlanmoqda
Inspeksiya tuman bo‘limi tomonidan joriy yilda mazkur yo‘nalishda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari yakuni bilan masʼul idoralar va fermer xo‘jaliklariga 5 ta taqdimnoma, 65 ta ogohlantirish berildi.
Bekzod Yo‘ldoshev, “O‘zagroinspeksiya”ning Yangiqo‘rg‘on tuman bo‘limi katta inspektori