Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan muhim tashabbus-Respublikada ekotizimni himoya qilish va tiklash, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish va yashil maydonlarni kengaytirish borasida «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirilishi so‘nggi yillardagi eng og‘riqli -ekologiya muammosiga munosib yechim bo‘lmoqda deya ayta olamiz.
“O‘zagroinspeksiya” ham ushbu xayrli ishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Inspeksiya markaziy apparati xodimlari tomonidan Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida joylashgan Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot institutiga qarashli qariyb 4,5 gektar maydonga 1 ming 500 tupga yaqin mevali ko‘chatlar ekildi.
Daraxtlar hududning iqlim sharoitidan kelib chiqib, bog‘lar hosil qilish va ko‘kalamzorlashtirishni nazarda tutgan holda tanlab olindi. Endi ular agrotexnik talablar asosida parvarish qilinadi, mineral va organik o‘g‘itlar bilan oziqlantirilib, zararkunandalardan himoya qilib boriladi.
Maʼlumot uchun, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish reja qilingan.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi – bu bir yillik tadbir emas”.
Biz nafas olib turgan borliq, atrofimizdagi yashillikka bizdan keyingi avlod ham munosibdir. Ularning tabiiy va toza muhitda yashashlari uchun biz bugun tabiatga mehr va eʼtibor bersak kelajak avlod ham munosib ekologik sharoitda yashaydi. Buning uchun esa albatta ekologik tizimni asrash hamda daraxt ko‘chatlarini ekib, bog‘ yaratish eng muhim zururiyatdir.
X. Shadiyeva, Inspeksiya boshlig‘i matbuot kotibi