Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish, bog‘ yaratish ishlarida “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari ham faol ishtirok etmoqda.
Shu maqsadda har bir hududdagi obodonlashtiriladigan, bog‘-rog‘lar barpo etiladigan maskanlar aniqlanib, iqlim sharoitiga mos, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilishi belgilandi.
Jumladan, inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan Payariq tumanidagi “Qorasuv uzum dalalari” fermer xo‘jaligining 5 gektar yer maydoni, Bulung‘ur tumanida “Yuqori Qo‘shtamg‘ali tomorqa” ICHK hududi, Jomboy tumanida “Guliston”, Ishtixon tumanida “Texnika sardori”, Kattaqo‘rg‘on tumanida “Bo‘ston, Narpay tumanida “G‘alaba”, Nurobodda “Nurbuloq”, Oqdaryoda “Amir Temur” nomli, Pastdarg‘om tumanida “Ilm”, Paxtachi tumanida “Razzoq Maxmanov”, Payariq tumanida “Choshtepa”, Samarqand tumanida “Qo‘shtamg‘ali”, Toyloq tumanida “Olmazor”, Urgut tumanida “Vatkan” va Qo‘shrabot tumanidagi Pichot, Bozorjoy, Qo‘rolos, Buloqboshi mahalla fuqarolar yig‘ini hamda muqobil mashina traktor parklari hududida joylashgan aholi yashash maskanlari, fermer va klaster korxonalariga tegishli yer maydonlari va avtomobil yo‘llari hududlariga 5 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilishi belgilandi.
Jumladan, Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan Payariq tumanidagi Taraqqiyot muqobil mashina traktor parki hududida joylashgan “Qorasuv uzum dalalari” fermer xo‘jaligining 5 gektarlik yer maydoni atrofiga 1 ming 678 tup, iqlim sharoitiga mos tut, chinor, shumtol, qayrag‘och, pavloniya, akatsiya, terak, chinor, jiyda, yong‘oq singari mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Shunisi eʼtiborga molikki, mazkur daraxt ko‘chatlarini parvarishlash xam inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi zimmasida. Ekilgan daraxt ko‘chatlarini suv tejamkor uskunalar bilan sug‘orish tadbirlari belgilanmoqda.
Shuningdek, loyiha doirasida Agroinspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va Ishtixon tuman bo‘limi tashabbusi bilan tumanning Qora qishlog‘idagi o‘ndan ortiq kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalarga 500 donadan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari tarqatildi. Aholi xonadonlariga ko‘chat ekish bilan birgalikda tomorqa yer maydonlari shudgor qilindi.
Maʼlumot o‘rnida: “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan joriy yilning 13 noyabriga qadar 3 ming dona shundan 2880 tup mevali va 120 tup manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi Axborot xizmati