Ру Ўз O`z En

Zafarobod tumanida g‘alla parvarishi bilan bog‘liq tadbirlar talab darajasidami?

5 Yanvar 2022 1725

G‘allachilikdagi kuz-qish mavsumida muhim agrotexnik tadbirlaridan biri bu - mineral va mahalliy o‘g‘itlar bilan oziqlantirish hisoblanadi. Mutaxassislar tili bilan aytganda, kuzgi bug‘doy-kuzda, bahorda va boshoqlash davrida yetarli miqdorda o‘g‘itlar bilan taʼminlanishi o‘simlikning yaxshi tuplashiga hamda o‘sish-rivojlanish jarayonlariga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.

Chunonchi, g‘alla maydonlariga azotli mineral o‘g‘itlar yetarli miqdorda qo‘llanilsa, bug‘doy boshoqlari bo‘liq bo‘ladi, donlar soni ham ortadi. Go‘ng esa tuproq unumdorligini oshirish bilan birga o‘simlikni zarur bo‘lgan muhim mikroelementlar bilan to‘yintirishga xizmat qiladi.

Shu maʼnoda, Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida 2022 yil hosili uchun jami 10 ming gektar maydonga boshoqli don ekinlari ekilgan bo‘lib, shu kecha-kunduzda baraka urug‘i qadalgan maydonlarda g‘allani mahalliy va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish va suspenziya sepish ishlari amalga oshirilmoqda.

Ushbu maqsadlar belgilangan talab bo‘yicha bugungi kunda 1 ming 16 tonna azotli mineral o‘g‘itlar zahirasi jamg‘arildi, -deydi “O‘zagroinspeksiyaning Zafarobod tuman bo‘limi boshlig‘i Nodir Hakimov.

Shundan dalaga chiqarilgan hamda fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalariga yetkazib berilgan azotli mineral o‘g‘itlar hisobiga 5 ming 540 gektar (55,4 foiz) g‘allani oziqlantirish ishlari amalga oshirildi.Bundan tashqari, tumanda mavjud 48 ta purkagich yordamida fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalari tomonidan jami 823 gektar maydonlarda suspenziya sepish ishlari olib borilgan.

Yuqorida taʼkidlab o‘tilganidek, g‘alladan mo‘l hosil yetishtirishda tuproq unumdorligini oshirishning eng muhim vositalaridan biri organik o‘g‘itlardan samarali foydalanish hisoblanadi. Bu borada tumanda 50 ming tonna mahalliy o‘g‘it jamg‘arish ko‘zda tutilib, shundan o‘tgan dekabr oyining so‘nggigacha 5 ming 20 tonna mahalliy o‘g‘it jamg‘arilgan.

Biroq ayni chog‘ga qadar amalga oshirilgan ishlarni tarozi pallasiga qo‘yadigan bo‘lsak, bu ishlar bilan maqtanib bo‘lmasligini anglash qiyin emas. “O‘zagroinspeksiyaning Zafarobod tuman bo‘limi tomonidan olib borilayotgan monitoring tahlillari shuni ko‘rsatmoqda-ki, klaster va don korxonalari hamda fermer xo‘jaliklari tomonidan mahalliy o‘g‘itlarni jamg‘arish ishlariga yetarli darajada eʼtibor qaratilmayapti.

Misol uchun, shu kunga qadar belgilangan mahalliy o‘g‘itning atigi 10 foizi dalalarga chiqarilgan bo‘lsa, sharbat o‘ralar qazish ishlari esa 25 foizga bajarilgan xolos.

Inspeksiyaning tuman bo‘limi xodimlari tomonidan g‘alla parvarishi bo‘yicha kunlik nazorat tadbirlari olib borilib, o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 217 ta fermer xo‘jaliklari va klasterning 3 ming 514 gektar g‘alla maydonlarida agrotexnik tadbirlar sifatsiz va muddatidan kechiktirib o‘tkazilganligi aniqlangan.

Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida fermer xo‘jaliklari va klasterlarga 217 ta ogohlantirish xatlari, 20 ta yozma ko‘rsatma berildi va tuman hokimligiga taqdimnomalar kiritildi.

O‘zagroinspeksiyaning Jizzax viloyat boshqarmasi Axborot xizmati

Text to speech